Xotira

    Shunday insonlar borki, ular bilan muloqot qilish kishiga alohida quvonch baxsh etadi, ularning qalblari boy, ko‘zlaridan doim yaxshilik nuri yog‘ilib turadi.

    Samarqand davlat universiteti rus filologiyasi kafedrasi dotsenti Hikmat Abdullayev ana shunday insonlardan edi. Olim o‘z umrini ilmga, yoshlar tarbiyasiga bag‘ishladi.

    Hikmat Abdullayev Samarqand davlat universiteti talabalaligidan to kafedra mudirligigacha bo‘lgan bosqichlarni birma-bir bosib o‘tgan.

    Olim ushbu davr mobaynida o‘zining ochiqko‘ngilliligi, samimiyligi tufayli juda ko‘plab do‘stlar orttiradi, shogirdlar yetishtiradi.

    Hikmat Abdullayev 1987-yilda atoqli rus tilshunosi, filologiya fanlari doktori, Moskva  davlat pedagogika instituti professori V.V.Babayseva ilmiy rahbarligida “Валентные свойства о глагольных существительных современного русского языка” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qiladi.

    Rus tilining haqiqiy jonkuyari sifatida u mamlakatimizda rus tili taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shdi, har qanday  rus tili ixlosmandlariga, rus tilini o‘rganmoqchi bo‘lgan har bir insonga o‘z qalbi ochib, sidqidildan o‘rgatdi.

    Olim rus tili muammolari bo‘yicha yozgan 200 dan ortiq ilmiy maqolalari xalqaro va respublikamizning nufuzli nashrlarida chop etilib, jamoatchilikning e’tibor markazida bo‘lib kelgan. Hozir ham Hikmat Abdullaevning ilgari surgan fikrlar yuzasidan ilmiy jamoatchilik orasida turli davra suhbatlari va ilmiy munozaralar tashkil etiladi.

    2022-yil 1-yanvar, o‘z tavalludiga 4 kun qolganda, 73 yoshida, ajoyib inson, mohir notiq, o‘qituvchi, g‘amxo‘r ota – Hikmat Abdullayev bu yorug‘ dunyoni tark etdi.

    Hikmat Abdullayev nihoyatda zukko, har qanday vaziyatni ijobiy hal qila oladigan qobiliyatga ega bo‘lgan inson edi. Bugun ustozning yo‘lini farzandlari davom ettiryapti. Ularning barchasi turli davlat tashkilotlarida xalqimizga xizmat qilmoqda. Biz u kishining timsolini, ochiqko‘ngilliligini, ajoyib fazilatlarini farzandlari timsolida ko‘ramiz.

    Samarqand davlat universiteti rus filologiyasi kafedrasining haqiqiy jonkuyar o‘qituvchisi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Hikmat Abdullayevning xotirasi u kishining farzandlari, yaqinlari, shogirdlarining qalbida hamisha barhayot bo‘lib qoladi.

 

Azamat Pardayev,

Samarqand davlat universiteti

filologiya fakulteti dekani, professor.

Ra’no Abdullaeva,

SamDU rus filologiyasi kafedrasi o‘qituvchisi.