Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Geografiya jamiyati, Rossiya geograf-o‘lkashunoslar jamiyati (ARGO), Qirg‘izistonning O‘sh davlat universiteti bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqalardagi transchegaraviy hududlar: hamkorlik imkoniyatlari va muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo’lib o’tdi. Konferensiyada 80 dan ortiq olim 100 dan ziyod tezis va maqolalari bilan qatnashdi.

    Anjumanni Samarqand davlat universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Ahmadjon Soliyev kirish so’z bilan ochib, konferensiyaning ishiga omad tiladi.

    Mazkur konferensiya O‘zbekiston Respublikasi hamda qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa xorijiy mamlakatlarda olib borilayotgan transchegaraviy hududlarning barqaror rivojlanishiga bag‘ishlangan geografik tadqiqot tajribalari, dolzarb muammolari va istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilishni o’z oldiga maqsad qilib olgan. Shuningdek, geografik tadqiqotlar borasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, iqtidorli yosh olimlarni o‘zaro almashinuv doirasida istiqbolli yo‘nalishlarga jalb qilish, shu bilan birgalikda transchegaraviy ekologik muammolarga xalqaro miqyosda yechim topish masalalari muhokama etilishi ko’zda tutilgan.

    Ma’lumot uchun, ushbu konferensiyada 10 ga yaqin xorijiy davlatlar: Rossiya, Xitoy, Ozarbayjon, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Belorussiya, Ukraina, Moldavadan 30 professor-o'qituvchi o'z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Iroda Bekmurodova,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.