Fidoyilik falsafasi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq taʼlimi xodimi Mavlon Jo‘raqulov haqida
Odami ersang, demagil odami,
Oniki yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.
Ulug‘ shoir Alisher Navoiyning ushbu satrlari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, tarix fanlari doktori, professor Mavlon Jo‘raqulovga nisbatan aytilganday.
Balki hayotning o‘zi shunday yaratilgan bo‘lsa kerak. Samarqand davlat universitetida uzoq yillik faoliyatim davomida baʼzi olimlarni o‘zi uchun kuyib-yonganiga guvoh bo‘lganman. Lekin Mavlon Jo‘raqulov faqat universitet haqida qayg‘urar, SamDU ga oid biror bir masala yo‘q ediki, u kishi fikr bildirmasa.
SamDU prorektori lavozimida ishlaganimda Mavlon Jo‘raqulovdan juda ko‘p maktublar olardim. Domla o‘z xatlarida universitetda yuz berayotgan ijobiy, salbiy ishlarga munosabat bildirar, takliflarini aytardi. O‘shanda o‘ylaganman: Mavlon Jo‘raqulov Samarqand davlat universiteti uchun xuddiki vijdon qo‘ng‘irog‘i edi. U kishining universitet hayotiga oid teran fikr-mulohazalaridan o‘z faoliyatimda foydalanardim. Juda ko‘p marta kuzatganman: Mavlon Jo‘raqulov bergan maslahatlar, takliflar yoki baʼzi odamlar to‘g‘risidagi qarashlari to‘g‘ri bo‘lib chiqqan. Mavlon Jo‘raqulov adolat tomonda bo‘lardi. Kimnidir haq-huquqi buzilishiga tomoshabin bo‘lib turolmasdi. Ilmiy kengashlarda domlaning chiqishlari barchani hushyorlikka chorlardi.
Mavlon Jo‘raqulov tom maʼnoda Samarqand davlat universitetini yaxshi ko‘rardi. Uning shon-shuhrati uchun butun umr harakat qildi, kurashdi. Juda ko‘p rahbarlar haqida ishdan bo‘shagandan so‘ng, turli xil gap-so‘zlar yuradi. Lekin Mavlon Jo‘raqulov haqida biror kimsadan yomon fikr eshitmaganman. Domlaning butun umr qalbi uyg‘oq, yuragi bedor edi. U kishi biror bir kun yo‘qki, universitet haqida o‘ylamasa. Suhbatlarimizda universitet tarixida o‘tgan rektorlar haqida ham juda ko‘p maʼlumotlar aytardi. Ikkinchi jahon urushi yillarida faoliyati to‘xtatilgan SamDU ni qaytadan tashkil qilishda Muso Mo‘minov muhim o‘rin tutganini taʼkidlardi.
Shuningdek, mustaqillik yillarida Samarqand davlat universiteti uchun eng ko‘p xizmat qilgan rahbar sifatida SamDU rektori, professor, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodovni eʼtirof etardi.
Mavlon Jo‘raqulov maktublarini bugun ham tez-tez o‘qiyman va ulardan yangi-yangi maʼno-mazmun topaman. Domla Samarqand davlat universitetiga rektorlik qilgan yillari hatto oddiy talabaga ham yaxshilik istagani, ular bilan suhbatlashib, ko‘ngliga yo‘l topgani haqida juda ko‘p eshitganman.
Olim Samarqand viloyatining zabardast oqsoqoli, maslahatgo‘yi, kayvonisi edi. Hamkor, hamfikr do‘stlari Hasan Normurodov, Nuriddin Shukurov, Mardonqul Umarov, Meliqul Nusharov, Hotam To‘rayev, Leonard Sobirov, Dushan Fayziy, Rahmonqul Orzibekov, Maqsud Mo‘minov... kabilar bilan ona Samarqandimiz istiqboli, kelajagi to‘g‘risida fikrlashardi.
Olimning hayot yo‘li ko‘pchiligimiz uchun ibrat maktabidir. Umr yo‘ldoshi vafot etganda domlaning iztiroblariga guvoh bo‘lganman. Ular uzoq yillar bir-biriga suyanib yashashgan. Domla aspiranturada o‘qiyotgan paytda rafiqasi tiyinlab yiqqan mabalag‘ini yemay-ichmasdan yuborganini, ko‘zida yosh bilan hikoya qilib bergandi.
Mavlon Jo‘raqulov o‘z oilasiga sadoqatli, do‘stlariga mehribon, shogirdlariga g‘amxo‘r edi. Shundan bo‘lsa kerak, Jo‘raqulovlar sulolasi bugun ham eʼtiborda. Domlaning farzandlari taniqli tarixchi olim Dilfuza Jo‘raulova, SamDU inson resurslarini boshqarish fakulteti dekani, dotsent Shohrux Jo‘raqulov Mavlon Jo‘raqulov nomiga loyiq bo‘lib, ota izidan borib, xalqimizga sidqidildan xizmat qilmoqda.
Mavlon Jo‘raqulov hayot bo‘lganida 90 yoshga kirardi. SamDU ning bugungi taraqqiyotidan quvonardi. Inson hayoti jisman tugashi mumkin, lekin abadiy davom etadi. Bunga taniqli olim arxeolog Mavlon Jo‘raqulov hayoti, ilmiy faoliyati yaqqol misol bo‘la oladi. Bir kun kelib, Mavlon Jo‘raqulovning farzandlari, shogirdlari u kishining ilmiy merosini to‘liq nashr etsa, men ham o‘z arxivimda saqlanayotgan domlaning maktublarini bajonidil taqdim etgan bo‘lardim.
Men Mavlon Jo‘raqulov bilan ustoz-shogird kabi hamkor bo‘lganimdan doimo faxrlanaman. Bu ajoyib, serqirra inson xotirasi oldida bosh egib taʼzim qilaman. Domlani xotirasini abadiylashtirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.Muslihiddin MUHIDDINOV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi,
“El-yurt hurmati” ordeni sohibi,
filologiya fanlari doktori, professor.