Saraton kasalligiga qarshi dori vositalari yaratishning yangi texnologiyalari

Samarqand davlat universiteti doktoranti Aziza Xudoyberdiyeva saraton kasalligiga qarshi dori vositalar ishlab chiqarishda biologik faol moddalar sintezining ahamiyatiga oid ilmiy tadqiqot faoliyati olib bormoqda…
Samarqand davlat universiteti organik sintez va biorganik kimyo kafedrasi doktoranti Aziza Xudoyberdiyeva “Ikki asosli karbon kislotalar asosida izoxenolin qatori alkoloidlar sintezi” mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Tadqiqotning asosiy mohiyati biologik faol moddalarni sintetik usulda sintez qilishdan iboratdir.
Biologik faol moddalar bugungi kunda biokimyo, biorganik kimyo va farmatsevtika sohalarida o‘rganiladi. Ular o‘ziga xos fizik-kimyoviy xususiyatlari bilan organizm hujayralariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan, zararlangan hujayralar faoliyatini tiklaydigan birikmalar hisoblanadi. Bunday moddalar, asosan, o‘simliklar tarkibida uchraydi. Muayyan davrlargacha farmakologiya sohasida dori ishlab chiqarish uchun zarur biologik moddalar tabiiy yo‘l bilan o‘simliklardan olinar edi. Bu esa katta miqdorda kuch va xarajat talab etgan. Qolaversa, tabiatda o‘simliklarning keskin kamayishi, noyob turlarning yo‘qolib ketishi kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqargan. Shu boisdan farmatsevtika sohasi uchun nihoyatda zarur bo‘lgan biologik faol moddalarni sintetik yo‘l bilan ajratib olishga ehtiyoj kuchayadi va sintetik sintezlash yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur tadqiqot kimyoviy moddalarni sintez qilishning sintetik yo‘li asosida olib borilishi bilan ahamiyatlidir.
– Biologik moddalarni sintezlashning sintetik usuli tabiiy usul bilan bir xil darajada samaradorlik ko‘rsatadi, – deydi tadqiqotchi Aziza Xudoyberdiyeva, –Buning ustiga tabiiy yo‘lga nisbatan arzon, qulay va tabiat uchun zararsiz. Tadqiqotimizda sintetik usulda biologik faol moddalar laboratoriya sharoitida sintezlanib, farmakologik xususiyatlari tekshiriladi. Aniqlangan xususiyatlariga qarab, dori-darmon ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi. E’tiborli jihati shundaki, bunday moddalarda tanlab ta’sir etish xususiyati mavjud. Ya’ni ular dori vositasi sifatida organizmga yuborilganda sog‘lom hujayralarga hech qanday salbiy ta’sir qilmasdan faqat zararlangan hujayralarga ta’sir ko‘rsatadi. Yaqinda organik sintez kafedrasi dotsenti Abdusalom Saidov boshchiligida kafedra tadqiqotchilari bilan olib borayotgan tajribalarimizda sintez qilingan tanlanma sitotoksik oshirish faolligiga ega kimyoviy modda O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan patentlandi. Ushbu vosita farmakologiya, tibbiyot sohalarida ishlatiladi. Asosiy vazifasi sog‘lom jigar hujayralariga zararli ta’sirni kamaytirgan holda saraton hujayralariga qarshi kurashadi. Ushbu moddaning Hindiston farmasevtikasida ishlatiladigan sisplatin moddasiga nisbatan aktivlik darajasi ancha yuqori.
Samarqand davlat universitetida dotsent Munavvar Alimova asos solgan biologik faol moddalarni sintez qilish ilmiy maktabi davomchisi Aziza Xudoyberdiyeva tadqiqot mavzusi yuzasidan O‘zRFA o‘simlik moddalar kimyosi instituti bilan hamkorlikda ilmiy faoliyat olib boradi. Shu kungacha xalqaro nashrlarda 10 ga yaqin, respublika ilmiy jurnallarida 20 dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilgan. Shuningdek, tadqiqodchi talabalarga kimyo fanining amaliy asoslarini ingliz tilida o‘rgatib keladi.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramo volgan suratlar.