Samarqand davlat universiteti fizika fakulteti 1-kurs magistranti Sitora Toshpo‘latova “Fizika fanida laboratoriya ishlarini raqamlashtirish” mavzusida ilmiy izlanish olib bormoqda. Mazkur tadqiqotning asosiy mohiyati maktablarda fizika darslarida qo‘llaniladigan laboratoriya mashg‘ulotlarini raqamlashtirishdan iborat.

    Hozirgi vaqtda laboratoriya mashg‘ulotlarini bajarishda raqamli texnologiya dasturlaridan foydalaniladi. Ammo bu dasturlar to‘laqonli ravishda laboratoriya mashg‘ulotlarini olib borish imkoniyatiga ega emas. Tadqiqotchining faoliyati aynan shu masalaga qaratilgan.

    – Bugungi kun maktablari o‘quv laboratoriyalari jarayonida raqamli texnologiyalardan foydalanish nihoyatda zarur, - deydi tadqiqotchi Sitora Toshpo‘latova, - Fizika o‘quv laboratoriya mashg‘ulotlarida tajriba natijalarini qayta ishlash va interpretatsiya qilish uchun raqamli texnologiya vositalaridan foydalanish muhimdir. Fizik kattaliklarni o‘lchaydigan to‘la raqamli datchik-o‘lchov asboblarini qo‘llash ham laboratoriya darslarining samarali bo‘lishini ta’minlaydi. Mening tadqiqotim aynan mana shu masala: darslarni zamonaviylashtirish bilan bog’liqdir. Agar biz fizikada tezlik bilan zamonaviy o’qitish metodikasi, zamonaviy asbob-uskunalarga o’tmas ekanmiz, fan faqatgina qog’ozlardangina iborat bo’lib qolaveradi. Hozirgi vaqtda ilmiy rahbarim, qattiq jismlar fizikasi kafedrasi dotsenti Jalol Ro‘zimurodov bilan birgalikda mazkur muammolarning yechimi yuzasidan ilmiy-tadqiqot olib bormoqdamiz.

    Sitora Toshpo’latovaning 10 ga yaqin ilmiy maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan.  U ilmiy tadqiqot faoliyati bilan birgalikda fan olimpiadalarida ham faol ishtirok etadi. Talabalik yillari Samarqand viloyat hokimi stipendiyasini qo‘lga kiritgan. Ayni paytda u ilmiy rahbari bilan birgalikda tadqiqot yuzasidan sensorli disk qurilmasi yaratish bo‘yicha innovatsion g‘oya ustida ishlayapti. Mazkur qurilma laboratoriyada ishlatiladigan bir nechta asbobni aynan bitta qurilmada tashkil etish g‘oyasi asosida vujudga kelgan. U tajriba jarayonlarini raqamlashtirish vazifasini bajaradi. Sodda tarzda aytadigan bo‘lsak, uning yordamida maktablarda virtual laboratoriya darslari tashkil qilinadi.

    Xo‘sh, virtual laboratoriya bizga nima uchun kerak?! Maktablarda laboratoriya jihozlarini bilan ta’minlanish darajasi hamma joyda bir xil emas. Aksariyat hududlarda uskunalar yetishmaydi. Bunday vaziyatda raqamlashtirilgan laboratoriya darslari ayni muddao bo‘ladi. Mazkur dastur real laboratoriya darslariga qaraganda kam xarajat sarflab, yuqori samaradorlikka erishishni ta’minlaydi. 

 

Iroda Bekmurodova,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.