Hozirgi zamon psixologiyasining erishgan natijalari shuni ko‘rsatdiki, bolaning tafakkurini ko‘rgazmali-harakatli, ko‘rgazmali-obrazli va so‘z-mantiqiy yo‘li bilan shakllantirish kerak. Bunda so‘z orqali  bolalarni avvalo ko‘ra oladigan, seza oladigan buyumlar bilan tanishtirib, keyinchilik tasavvur shakllariga o‘tish mumkin. Metod va usul tanlashda ham yuqoridagilarga rioya qilish zarur. Shuning uchun ham ilk va bog‘cha yoshdagi sensor tarbiya aqliy tarbiyaning muhim omili hisoblanadi.

    Bolada nutq paydo bo‘lishidan ancha oldin, birinchi bor gapira boshlaganda u tevarak-atrofdagi odamlar va buyumlar dunyosini katta yoshdagi kishilar yordamida bilib oladi: Ona bolasiga o‘yinchoqni uzatganda,  bola qo‘lini cho‘zib uni oladi. Uning ko‘rib, idrok qilishi eshitish bilan qo‘shiladi. Aynan o‘yinchoq nomi aytilganda, hissiy idrok bilan so‘z o‘rtasida o‘zaro ta’sir sodir bo‘ladi. Masalan ona “mushukchani ber”, “mushukchani olib kel” deb bir necha marta takrorlasa, bola muayyan o‘yinchoqning nomini yaxshi eslab qoladi. Pirovardida “mushukcha” degan so‘z bola xayolida ma’lum bir buyumni hosil qiladi.

    Mashhur rus fiziologi Ivan Sechenov bunday deb yozgan edi: “Bola gapirishning o‘rganib olgandan keyin unda tevarak-atrofdagi narsalarga qiziqish va ularni bilishga intilish oshib boradi, bu hol bolaning onasiga: nega stol yurmaydi-yu, quyosh esa oyoqsiz yuradi, kechqurun u qayerga yashirinadi, nima uchun shamol g‘uvullaydi?”- kabi savollar berishga sabab bo‘ladi”.

    Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarda nutqni rivojlantirish alohida rol o‘ynaydi. Inson o‘z fikrlarini ifodalash va boshqalarning fikrlarini tushunish uchun ona tilidan foydalanadi. Nutqni egallash bolaga hikoya, badiiy asar, so‘zlovchining tushuntirishlari orqali  bilimlar hosil qilishga imkon beradi. Bolalar bog‘chasida lug‘at boyligini oshirish, so‘zning grammatik tuzilishini shakllantirish, bog‘lanishli nutqni rivojlantirish vazifalari hal etiladi.

    Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarda ongli ravishda eslab qolish qobilyati yaxshi shakllanadi, xotira hajmi kengayadi. Xayol, tafakkur qilish ijodiy faoliyat uchun zarurdir, shuning uchun uni bog‘cha yoshidan boshlab rivojlantirib borish katta ahamiyatga ega.

    Bog‘cha yoshining dastlabki bosqichlarida bolalarda tasavvur xayoli bo‘ladi. Hayotiy tajribaning ortib borishi va tafakkurning rivojlanishi bilan ijodiy xayol kengayadi. Kichik yoshidagi bola uchun ko‘rgazmali-harakatli, ko‘rgazmali-obrazli tafakkur xosdir. Buning asosida so‘z, mantiqiy va tushunchali tafakkur rivojlantiriladi. Bu esa hodisalarni, voqealarni chuqur anglab olish, ulardagi muhim va nomuhim bo‘lmagan tomonlarni ajratishga o‘rgatadi.

    Qiziquvchanlik bolaga xos xususiyatdir. U bolani tevarak –atrofdagi voqea va hodisalarga, narsa va buyumlarga qiziqish bilan qarashida, hamma narsani ushlab, paypaslab, yurgizib, harakatga keltirib ko‘rishida, qiziqtirgan narsasini diqqat bilan tomosha qilishi va kuzatishida namoyon bo‘ladi. Bolaning savollaridan undagi qiziquvchanlik qay darajada ekanligini aniqlab olsa bo‘ladi.

    Aqliy tarbiyaning vazifasi bolalar qiziquvchanligini, ular aqlining sinchkovligini rivojlantirish va shular asosida bilishga qiziqish hosil qilishdan iborat.

    Maktabgacha ta’lim tashkilotlari oldida bolalarning aqliy qobiliyatlarini rivojlantirish vazifasi turibdi. Psixologiyada ma’lum bir faoliyatni muvaffaqiyatli egallab olish uchun shart-sharoitlar yaratadigan shaxsiy xususiyatlari qobiliyat jarayonida namoyon bo‘ladi va rivojlanadi. Insonning aqliy qobiliyati aqlning ziyraklik, fahm-farosatlilik, tanqidiy ko‘z bilan qarash, sinchkovlik, sermulohazalilik kabi sifatlari bilan ajralib turishi mumkin.

    Shunday qilib, tarbiyachi bolalarda aqliy sifatlarni rivojlantiruvchi faoliyatlarni tashkil etib borishi kerak. Bolalarda ziyraklikni o‘stirish uchun tez javob qaytarishni talab etadigan o‘yinlarni tashkil etish lozim. Masalan: “keyingi sonni ayt”, “aksini ayt”, “uchali uchmaydi” va boshqalar); tanqidiy qarash qobiliyatini rivojlantirish uchun bolalarni tengdoshlarining ishini, javobini tahlil qilishga jalb etish; sinchkovlikni rivojlantirish uchun eng oddiy tadqiqotchilik ishlarini tashkil qilsh, jumboqli masalalar yechish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

    Ilk va bog‘cha yoshi davrida bolalarda tevarak- atrofga bo‘lgan qiziqish juda tez o‘sadi. Qiziqish-bolaning aqliy rivojlanishini harakatga keltiruvchi qudratli kuchdir. Kattalar bolalarning qiziqivchanligini, bilishga bo‘lgan har qanday xohishini sezishlari va rag‘batlantirib borilishi kerak.

 

Aziza Karimova

Samarqand davlat universiteti

Maktabgacha ta’lim kafedrasi o‘qituvchisi