Samarqand davlat universitetiga Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Chi Jun Lin boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad SamDU dagi Xitoy madaniyati va tarixi markazi faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda markazning kelgusidagi faoliyatini yanada takomillashtirishdan iborat.

        - Qadimiy ilm maskani hisoblangan Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurish biz uchun katta sharaf, - deydi Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Chi Jun Lin. - Talabalarning Xitoy madaniyati va tarixini o‘rganayotganligini ko‘rib juda xursand bo‘ldik. Samarqand davlat universiteti ma’muriyati bilan o‘tkazilgan muzokaralarda markaz faoliyatini yanada kengaytirish masalalari yuzasidan kelishuvga erishdik. O‘ylaymanki, ushbu markaz hamkorligimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

        Ma’lumot uchun, Samarqand davlat universiteti Xitoy madaniyati va tarixi markazi 2018 yilda ochilgan bo‘lib, unda xitoy madaniyati, urf-odatlari aks ettirilgan. Shuningdek, markaz Xitoy oliy o‘quv yurtlari, ta’lim tizimi to‘g‘risidagi muhim ma’lumotlarni ham o‘zida jamlagan.

Behruz Shamsiddinov,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.