Samarqand davlat universiteti raqamli texnologiyalar fakulteti talabasi Mahbuba Salimova, viloyatdagi yagona dasturchi qizlar klubi asoschisi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Matches in March coder girls” dasturchi qizlar tanlovi g‘olibi. Respublika xotin-qizlarining startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Tumaris.Tech” loyihasi ishtirokchisi.

    Xorijlik sayyohlarga xizmat qiladigan restoranlar uchun onlayn menyu yaratish dasturi loyihaning yakuniy bosqichida saralab olingan eng yaxshi 20 ta startap qatoridan o‘rin olgan. Bundan tashqari Samarqand davlat universiteti startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlovchi Inkubatsiya markazi rezidenti va “Braille phone” qurilmasini ishlab chiqish loyihasining muallifi. Ushbu qurilma ko‘zi zaif ko’ruvchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, Brayl alifbosida asosida ishlaydi.  

     – Shu paytgacha ko‘zi zaif ko’ruvchilar telefon ishlatishda ovoz asosida ishlaydigan maxsus sintezator ilovalardan foydalanishadi, - deydi Mahbuba Salimova. - Ushbu ilova internet va ovozli signal orqali ishlash jarayonida ba’zan noqulaylik tug‘diradi. “Braille phone” qurilmasining afzalligi esa birinchidan arzon, ikkinchidan brayl alifbosi asosida boshqarilishi sabab ishlatish oson. Shuningdek, uning sintezator funksiyasi ham mavjud. Qurilma 6 ta tugmadan iborat bo‘lib, u orqali foydalanuvchi xabar yozishi, ularni qabul qilib olishi, telefonda suhbatlashishi mumkin. Yaqinda universitetimiz tomonidan “Ilm-fan mamlakat taraqqiyotining strategiyasi” shiori ostida o‘tkazilgan ko‘rgazmada ushbu qurilmani namoyish etdim va universitetimiz rektori Rustam Xolmurodovga “Braille phone” ni amalda joriy qilish tashabbusi bilan chiqqanimda ushbu qurilmani dastlab Samarqand davlat universitetida tahsil olayotgan ko‘zi ojiz talabalar orqali sinab ko‘rishni taklif qildilar. Endigi maqsadim “Braille phone”ni keng miqyosda ishlab chiqarish va xorij bozoriga O‘zbekiston brendida sotishni yo‘lga qo‘yishdan iborat. Dasturchi bo‘lishga faqat maktab va universitet bergan bilimning o‘zi yetmaydi. Yetuk mutaxassis bo‘lish uchun dasturlash bo‘yicha qo‘shimcha kurslarga qatnashish, tinimsiz mehnat qilish talab etiladi. Tabiiyki, bu masala o‘z-o‘zidan moddiyatga borib taqaladi. Bu esa qizlar uchun qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Ana shu muammolarni teran anglagan holda dasturchi bo‘lishni orzu qilgan qizlarga imkon berish, ularni qo‘llab-quvvatlashga doir tashabbus bilan Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayevga o‘z takliflarim bilan murojaat qildim. Shundan so‘ng Yoshlar ishlari agentligining qo‘llab-quvvatlashi bilan dasturchi qizlar klubini tashkil etdim. Ushbu klub dasturlashga qiziquvchi qizlarni jamlagan bo‘lib, qizlarni dasturlash sohasiga o‘qitish, turli tanlov va olimpiadalarga tayyorlashga ixtisoslashgan. Hozirda unda yigirmaga yaqin talaba qizlar saboq olishadi. Yaqin kunlarda viloyat miqyosida ushbu soha qizlari uchun olimpiada tashkil etmoqchiman. Bu orqali viloyatning turli nuqtalaridagi dasturchi qizlarni klubga jalb etish mumkin bo‘ladi. 

    Mahbuba Salimova, shuningdek, Samarqand davlat universiteti startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi Inkubatsiya markazi rezidentlari bilan birgalikda ICPC (International Collegiate Programming Contest) Xalqaro turnirida qatnashib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. Mazkur turnir jahonning nufuzli algoritmik dasturlash tanlovi bo‘lib, dunyodagi mashhur xalqaro IT kompaniyalari Microsoft, Yandex, Telegram asoschilari unda ishtirok etishgan.

    Shu bilan birgalikda, Mahbuba raqamli texnologiyalar fakulteti axborot texnologiyalari kafedrasi mudiri, dotsent Fayzullo Nazarov  rahbarligida ilmiy izlanishlarini olib bormoqda.

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat Akramov olgan surat.