Tantanali tadbirni Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xalmuradov kirish so’z bilan ochdi.Tottori universiteti prezidenti Tasuku Harada, Ta’lim va ilm-fan vaziri o‘rinbosari Sanjar Mirzaliyev, Samarqand viloyati hokimi o’rinbosari Husan To’xtayevlar tabrik so‘zlarini o’qib eshittirdi. Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Fayziyeva, Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi vitse-prezidenti Shigeo Morimoto, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Mamoru Sakai, professor Bakriddin Zaripovlarning tabrik so‘zlari ham tadbir dasturidan o‘rin oldi. Ochilish marosimidan so‘ng yalpi majlis o‘tkazilib, unda Markaziy Osiyoning qurg‘oqchil hududlarida mavjud ilmiy muammolar, tadqiqot imkoniyatlari, xalqaro hamkorlik tajribasi va istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi. Dastlab, Kioto universiteti Tabiiy ofatlarning oldini olish tadqiqot instituti dotsenti Temur Xo’janazarov “Markaziy Osiyo qurg‘oqchil hududlarida ilmiy muammolar va tadqiqot imkoniyatlari. Mintaqaviy masalalar hamda Blue-SATREPS loyihasi ilg‘or tajribalari” mavzusida ma’ruza qildi. Tottori universitetining Samarqand davlat universitetidagi vakolatxonasi rahbari Kristina Toderich ikki universitet hamkorligi doirasida erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalar haqida taqdimot qildi. Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori Toshpo‘lat Rajabov markaz faoliyati, ustuvor tadqiqot yo‘nalishlari, shuningdek, universitetning o‘quv va ilmiy-tadqiqot rejalarini rivojlantirish masalalari haqida to’xtaldi. Tottori universiteti professori, Qurg‘oqchil yerlarni tadqiq qilish markazi direktori Mitsuri Tsubo ilmiy hamkorlik, akademik almashinuvlar va kelgusidagi hamkorlik istiqbollari haqida ma’ruza qildi. Tottori universiteti Qishloq xo‘jaligi fakulteti dekani Kinya Akashi, professor Hisashi Tsujimoto hamda ICARDAning ilmiy xodimi Gustave Gintzburger qurg‘oqchil hududlarni o‘rganish natijalarini qishloq xo‘jaligida qo‘llash, innovatsiyalarni amaliyotga tatbiq etish va ta’lim bilan ilmiy tadqiqotlar integratsiyasi masalalariga to’xtaldi. Tadbirning muhim bosqichlaridan biri “Cho‘l tadqiqotlari” markazini tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuv memorandumini imzolash bo’ldi. Memorandumni Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov va Tottori universiteti prezidenti Tasuku Haradalar imzoladi. Ramziy lentalar qirqildi. Ushbu markaz nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning keng qurg‘oqchil hududlarini barqaror rivojlantirish yo‘lida ilg‘or ilmiy yutuqlar, zamonaviy ta’lim, innovatsion yechimlar va xalqaro tajribani amaliyotga tatbiq etuvchi muhim ilmiy-ma’rifiy habga aylanishni maqsad qilgan. Tadbir yakunida mehmonlar Biokimyo instituti kampusi bilan yaqindan tanishdi. Oranjeriya, zoologiya muzeyi, Muhandislik fizikasi hamda Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar institutlarini ko’zdan kechirdi.