Rossiya yadro tibbiyotining yetakchi namoyandalari 2026-yil 28-sentabr – 3-oktabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan Xalqaro “Ilg‘or lazer texnologiyalari” konferensiyasida (ALT26) ishtirok etdi. Delegatsiya tarkibida Rossiya yadro tibbiyotining eng ko‘zga ko‘ringan ikki vakili bor edi:

Irina Nikolayevna Zavestovskaya – fizika-matematika fanlari doktori, professor, “Kurchatov instituti” Milliy tadqiqot markazi direktorining yadro tibbiyoti bo‘yicha o‘rinbosari.

Sergey Mixaylovich Deyev – Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi, biologiya fanlari doktori, “Kurchatov instituti”ning Yadro tibbiyoti ilmiy-ta’lim markazi ilmiy rahbari.

Rossiyaning yadro tadqiqotlari sohasidagi yetakchi markazi “Kurchatov instituti” Milliy tadqiqot markazidan katta delegatsiya tashrifi Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti (SamDU) bilan hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berdi. Hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad, O‘zbekistonda, qolaversa Samarqandda yadro texnologiyalari va tibbiyotini rivojlantirishdan iborat.

Konferensiyaning markaziy tadbirlaridan biri 2026-yil 1-2 oktabr kunlari o‘tkazilgan “Yadro tibbiyoti” sho‘basi bo‘ldi. Unda “Kurchatov instituti”ning yetakchi mutaxassislari soha rivojining eng ilg‘or yo‘nalishlarini O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligiga taqdim etdi. Sho‘bada akademik S.M.Deyev “Chuqur joylashgan o‘smalarni manzilli nurlantirishning innovatsion texnologiyalari” mavzusida, I.N.Zavestovskaya “Yadro tibbiyoti va radiologiyaning istiqbolli texnologiyalari” mavzusida ma‘ruza qildilar. Shuningdek, O‘zR FA Yadro fizikasi instituti direktori I.I.Sadikov O‘zbekistonda yadro tibbiyotini rivojlantirish, Sh.Nishonov O‘zbekistonda radiofarmatsevtik preparatlar ishlab chiqarish mavzularida ma’ruza qildilar.

Shuningdek, konferensiya doirasida “Kurchatov instituti” va Samarqand davlat universiteti hamkorlikda ilmiy seminar (vorkshop) tashkil etdi. Unda “Kurchatov instituti” olimlari va SamDU yadro texnologiyalari instituti yosh tadqiqotchilari o‘zlarining ilmiy tadqiqot ishlarini taqdim etdilar. Har bir ma‘ruzadan so‘ng mazmunli muhokama va savol-javoblar bo‘lib o‘tdi va yosh olimlar o‘z natijalarini sohaning yetakchi mutaxassislariga bevosita taqdim etib, professional baho va tavsiyalar oldi. Rossiyalik mutaxassislar esa o'z navbatida Samarqandda shakllangan ilmiy salohiyat va yadro fizikasi laboratoriya bazasi bilan tanishdi.

Seminardan so‘ng tomonlar kelgusi hamkorlik masalalarini muhokama qildi. SamDU Yadro texnologiyalari instituti tomonidan kadrlar tayyorlash (magistr va doktorant) va qo‘shma tadqiqotlarni kengaytirish, shuningdek ilmiy xodimlar va professor-o‘qituvchilar uchun qisqa muddatli stajirovkalar va malaka oshirish kurslarini tashkil etish takliflari ilgari surildi. “Kurchatov instituti” vakillari barcha takliflarni qabul qilishdi va ularni institut rahbariyati darajasida ko‘rib chiqib, tez orada bu borada amaliy ishlarni boshlashga tayyorliklarini bildirishdi.

Shuningdek, o‘z tadqiqotlarini taqdim etgan SamDUning yosh olimlari, Xasanov Sh.X., Himmatov I.F., Xazratov D.M. lar 2026-yil 9-13-noyabr kunlari “Kurchatov instituti”da bo‘lib o‘tadigan xalqaro ilmiy forumga qatnashish uchun taklif etildilar.

“Kurchatov instituti” bilan hamkorlik avvalo milliy mutaxassislar jahonning yetakchi yadro tadqiqot markazi standartlari asosida tayyorlanishida muhim bosqich hisoblanadi. Shuningdek, hamkorlik mamlakatda yadro energetikasi va yadro tibbiyoti sohalari rivojlanishida va bu sohalarda yetuk mutaxassislarni tayyorlashda katta ahamiyat kasb etadi. Va albatta Samarqandda erishilgan kelishuvlar tizimli ishlarning boshlanishidir.


“Kurchatov instituti” Milliy tadqiqot markazi direktorining yadro tibbiyoti bo‘yicha o‘rinbosari. professor Irina Zavestovskaya va O‘zR FA akademigi Muhsinjon Ashurov