“Meni ham, otangni ham bor umidimiz sendan, bolam”
Onam juda ziyoli ayol edilar. Ular haqida ko‘p xotiralarimni yozganman. Bugun esa yana bir xotirani qog‘ozga tushirgim keldi.
Institutning ikkinchi kursida o‘qib yurgan paytlarim edi. Oilamiz hayotining eng qiyin davrlaridan biriga to‘g‘ri kelgan. Ketma-ket yo‘qotishlar, moliyaviy qiyinchiliklar, qamalishlar va yana qancha sinovlar…
Ana shunday og‘ir kunlarda men talaba edim. Oilamga yordam berish u yoqda tursin, har kuni pul olishimga to‘g‘ri kelar, ustiga-ustak, boshqa xarajatlarim bilan ham oilamga yuk bo‘lardim.
Vijdonim qiynaldi. O‘qimayman, ishlayman, dedim.
Shunda onam bir og‘iz gap aytdilar:
— Meni ham, otangni ham bor umidimiz sendan, bolam…
Bu shunchaki aytilgan gap emas edi. Bu mening butun umrimga yetadigan kuch, hayotimning eng og‘ir damlarida suyanadigan tayanchim bo‘lib qoldi. Yiqilganimda turishga, umidim so‘nganida yana oldinga qarashga, har qanday qiyinchilik qarshisida taslim bo‘lmaslikka undaydigan bir ichki qudratga aylandi.
Hayotda shunday lahzalar bo‘ladiki, inson ularning ma’nosini o‘sha zahoti anglamasligi mumkin. Ammo ayrim so‘zlar yillar o‘tsa ham eskirmaydi. Aksincha, hayot sinovlari og‘irlashgan sari ularning qadri va ma’nosi yanada chuqurlashadi.
Onamning o‘sha gaplari hamisha qulog‘im ostida jaranglab turadi. Eng og‘ir vaziyatlarimda, kuchim qolmagandek tuyulganida, o‘zimni yo‘qotib qo‘ymasligimga yordam beradi.
Hozir ham shunday…
Jahongir AHMEDOV,
"Mehnat shuhrat" ordeni sohibi.

