TARIXDAN KELAJAKKA
Haq yo‘linda kim sanga bir harf o‘qutmish ranj ila,
Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila.
Alisher Navoiy
Mana olti asrki, Hazrat Alisher Navoiyning ustozlar ta’rifida aytgan yuqoridagi so‘zlari analogi yo‘q hikmatdir. Ilm – haqiqatdir. Uning har bir harfini uqmoq, uqtirmoq fidoyilik va riyozat talab etsa, uning haqqi va quvvatini o‘lchash yo ado etishga dunyo ganju xazinalarining qiymati ham yetmaydi. Ustoz kecha, bugun va ertaning posboni, yetuklikning kalitidir.
Biz kuni kecha universitetimizning 606 yilligini nishonladik. Aslida, bu katta ta’lim tarixi ildizini kashf etishning o‘zi ham katta madrasadir. Dunyoda o‘zining boy tarixi bilan faxrlanadigan nufuzli universitetlar sanoqli. Amerika, Yevropa mamlakatlarida yetakchi yoshlarimiz o‘qishni orzu qiladigan universitetlar rivojlanish tarixini asos qilib qad rostlagan bo‘lsalar-da, ammo tarixga nazar solsak, jahonning ikki tamadduni uchun ham olimu ulamolari bilan xizmat qilgan turkiy xalqlar ta’lim tarixi, albatta, ancha zalvorlidir. Bu mohiyat mushohadasi doimo millatimiz tiklanishi va universitet rivoji yo‘lida qayg‘urib keladigan O‘zbekiston fan arbobi Rustam Ibragimovich diqqat markazida bo‘ldi. Shu sa’y-harakatlar aks-sadosida esa o‘zbek madaniyati, adabiyoti tarixi, manbalarining chuqur bilimdoni, ustoz akademik Botirxon Valixo‘jayevning bilim, tajriba va keng ko‘lamli tadqiqotlari ayni muddao edi. Chorak asr oldin ustozimiz akademik Boturxon Valixo‘jayev butun millat uchun ilm va tamaddun markazi bo‘lgan Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek madrasai oliyasi tarixini tadqiq etdilar. Mavjud manbalar, o‘qitish tizimining barcha omillari tahlili asosida: «Samarqand davlat universiteti Mirzo Ulug‘bek madrasai oliyasining ma’lum ma’noda bevosita vorisi bo‘lib, uning ta’sis etilish tarixini ham Mirzo Ulug‘bek madrasai oliyasining ta’sis etilish tarixi bilan bog‘lash maqsadga muvofiq ko‘rinadi», – deya millatimiz tarixiga yangi sahifa kiritdilar.
Ustoz akademik Botirxon Valixo‘jayev madrasai oliyada muallim va mudarrislar olib borgan ta’lim va tahqiq tizimini tavsiflar ekanlar, avvalo tolibi ilmlarni o‘qitishda ularning zehni va tafakkur quvvati inobatga olinishi, ta’lim jarayonida nazorat va imtihonlarning qat’iyligi va barqarorligi, bilish va ong, tafakkur quvvati, quvvai hofiza rivoji mantiq va adabiyot, so‘z qudrati omili bo‘lgan she’r va ularning sharhi yordamida shakllantirilishi, buning natijasida talabalar orasidagi iqtidorlilarga e’tibor qaratilishi, shuningdek, ta’lim va tarbiya o‘quvchi va talabalarning nafaqat bilish imkoniyatlarini, balki har qanday ma’naviy noqislikdan xoli, yetuk ma’rifiy quvvatini shakllantirishga xizmat qilishi, nihoyat, bunday ilmiy salohiyat bashariyat tamadduni uchun xizmat qilishi lozimligi kabi talablarni sanab o‘tadilar. Shuningdek, madrasai oliyada butun Xuroson, Bag‘dod, Rum va dunyo olimlari faoliyat yuritgani, qolaversa, Ulug‘bek madrasai oliyasida faoliyat yuritgan olimu ulamolar dunyoda qadr-qimmatga ega bo‘lganligi, dunyo mamlakatlaridan tolibi ilmlar ilm markazi bo‘lgan Ulug‘bek madrasai oliyasiga ta’lim olish uchun kelib, kasbi kamolga yetganini ta’riflaydilar. Demak, maskanimiz 25 yil oldin ustozimiz akademik Botirxon Valixo‘jayev va hurmatli ustozimiz professor Rustam Ibragimovich sa’y-harakatlari bilan tarix haqiqatining maslagi o‘laroq vorisiylikning sharafli yo‘lini tanlagan ilm markazidir.
E’tibor bersak, universitetimizda madrasai oliyaning dunyo tamaddunini yaratgan ta’lim tizimi bugungi zamonaviy modelda o‘z faoliyatini yuritmoqda. Xorijning eng nufuzli olimlari ilmiy tadqiqot markazlarida talabalarga ta’lim bermoqda. Ustozlar dunyo tillarini o‘rganib, nufuzli universitetlarda tajriba almashmoqda. Olimlarimizning tadqiqotlari nufuzli bazalardagi nashrlar orqali xalqaro miqyosda ilmiy muomalaga kirmoqda. Shaffof imtihon mezonlari asosida tanlangan har bir talabaning iqtidori, so‘zi, amali qadrlanmoqda. Oliyohimiz ham nufuzli reytinglardan o‘rin olmoqda. Demak, universitetimiz o‘z tarixiga munosib vorisiylikni siz kabi suratida ta’lim va tarbiya, siyratida fidoyilik kasb etgan ustoz-murabbiylar kamarbastaligida davom ettirib kelmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 10-apreldagi «Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida «U-10 – O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari» dasturi joriy etilishi va davlat ilmiy dasturlari doirasida ma’lum tanlov va talablarga javob beradigan 10 ta oliy ta’lim tashkilotiga milliy tadqiqot universiteti maqomi berilishi ta’kidlangan. Bu, albatta, biz 25 yil oldin tanlagan ta’lim tariximiz va taraqqiyot modelimizga uyg‘un ovozdir. Bu Samarqand davlat universiteti ustoz va murabbiylari bosib o‘tgan vorisiylik tarixi, ilmu hikmatga fidoyilik bilan erishilgan, Yangi O‘zbekistonda 606 yillik tarixi bilan dunyoga bo‘y ko‘rsatgan milliy ta’lim va tadqiqot universitetining maqsadi va kelajakka sarmoyasidir, nasib.
Nazmiya Muhitdinova,
Markaziy Osiyo xalqlari tillari va
Madaniyati instituti professori.

