AQSH DAVLAT KOTIBINING JANUBIY VA MARKAZIY OSIYO BO‘YICHA YORDAMCHISI S. PAUL KAPUR SAMARQAND DAVLAT UNIVERSITETIGA TASHRIF BUYURDI
Martabali mehmonlarni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov qabul qildi.
Uchrashuv avvalida S. Paul Kapur va delegatsiya a’zolari Muhandislik fizikasi institutining ilmiy salohiyati, infratuzilmasi va xalqaro aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlari bilan tanishdi. Kvant markaziga tashrif delegatsiya a’zolarida yaxshi taassurot qoldirdi. Muloqot davomida institutning ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, zamonaviy ilmiy yondashuv va texnologiyalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish, ilmiy ishlanmalarni amaliyot bilan bog‘lash, yosh olimlar va iqtidorli talabalarni ilmiy faoliyatga jalb etish masalalari muhokama qilindi. Delegatsiya a’zolari universitetning Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar institutida olimlari bilan uchrashdi. Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish kabi dolzarb masalalar diqqat markazida turdi. Shuningdek, sun’iy intellekt sohasida innovatsion ishlanmalar yaratish, yosh tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlarini rag‘batlantirish va zamonaviy texnologiyalar asosida yangi loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi.















