O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan, shuningdek, “Vatanparvarlik oyligi” doirasida yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, milliy armiyaning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib etish maqsadida Samarqand davlat universitetida “Uch avlod uchrashuvi” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirni Samarqand davlat universitetining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Subxon Abbosov tabrik so‘zi bilan ochdi. Tantanali yig‘ilishda Samarqand viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi Faxriylar kengashi raisi, iste'fodagi podpolkovnik Rashid Sherov, Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi podpolkovnik Ubaydullo Amirov hamda Markaziy harbiy okrug yoshlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i, mayor Muzaffar Murodov ishtirok etib, O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining nufuzi, ushbu sohada amalga oshirilayotgan ibratli ishlar, Vatanga sadoqat, harbiy xizmatning sharafli burch ekani hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari xususida fikr-mulohazalar bildirdilar.

Tadbir so‘ngida harbiy qism askarlari tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.