FAXRIMIZ, IFTIXORIMIZ...

Qozog‘istonning Ostona shahrida para-dzyudo bo‘yicha bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Samarqand davlat universiteti geografiya va ekologiya fakulteti magistranti Uljon Amriyeva oltin medalni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston para-dzyudo tarixida yangi sahifa ochdi. Uljon para-dzyudo bo‘yicha Jahon chempioni bo‘lgan ilk o‘zbekistonlik ayol sportchi bo‘ldi...
Bugun Samarqand davlat universitetida Uljon Amriyeva bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov Uljon Amriyevani tarixiy g‘alabasi bilan samimiy tabrikladi.
Uning matonati, jasorati va fidokorligini yuksak baholadi. Bu g‘alaba matonat, kuch, iroda va qat’iyat timsoli sifatida tarixda qolishini e’tirof etdi. Esdalik sovg‘alar topshirdi.
Samarqand davlat universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori, professor Subxon Abbosov Uljonning bu g‘alabasi yoshlar uchun katta ilhom manbai bo‘lishini, uning irodasi, sabr-toqati va intilishi har bir talaba uchun ibrat bo‘lishi kerakligini alohida ta’kidladi.
SamDU xotin-qizlar masalalari bo‘yicha kengashi raisi, rektor maslahatchisi Sharofat To‘xliyeva esa ayollar sportidagi bunday yutuqlar O‘zbekiston jamiyatida gender tenglikni mustahkamlashda, xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirishda muhim qadam ekanligini bildirdi.
Geografiya va ekologiya fakulteti dekani Aliqul Ravshanov, magistratura markazi boshlig‘i Nigora Nizomovalar Uljonning ilm va sportni uyg‘unlashtirgan faoliyatini e’tirof etdi. Uning universitetda alohida o‘rni borligini, kursdoshlariga namuna bo‘layotganini e’tirof etdilar.
Uljon Amriyeva ustozlariga, murabbiylariga, oila a’zolariga va universitet jamoasiga qo‘llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.