OILA JAMIYAT MEHVARI

Kattaqo‘rg‘on shahrida “Oila – ma’naviyat va insonparvarlik maskani” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu anjuman Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi hamkorligida tashkil etildi.
Ma’lumki, 15 may Xalqaro oila kunidir. Shuningdek, respublikamizda 2025 yil 10 maydan 10 iyungacha “Farovon oila sari” oyligi o‘tkazilmoqda. Oila har bir xalqning, millatning davomiyligini saqlaydigan, milliy qadriyatlar rivojlanishini ta’minlaydigan, yangi avlodni dunyoga keltirib tarbiyalaydigan jamiyatning negizi hisoblanadi. Shaxs oilada shakllanadi, o‘zligini anglaydi, yuksak insoniy fazilatlarga ega bo‘ladi. Iqtisodiy ahvol barqaror, axloqiy-g‘oyaviy muhiti sog‘lom oilada har jihatdan barkamol inson kamol topadi. Keyingi yillarda davlatimiz rahbari va respublika hukumati bu masalalarga alohida e’tibor berib, oilalar, yoshlar xususida muttasil g‘amxo‘rlik qilmoqda.
Ilmiy-amaliy konferensiyala ana shu masalalar muhokama qilindi. Xususan, Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova shaharda oilalar bilan ishlash borasidagi tadbirlar, natijalar va vazifalar haqida gapirdi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova nutq so‘zladi. Samarqand davlat universitetining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori, professor Subxon Abbosov o‘z so‘zida yoshlarni hayotga tayyorlash, oiladagi burch va mas’uliyat, oiladagi ma’naviy va ma’rifiy muhitni yuksaltirishning ahamiyatiga alohida urg‘u berdi. Shundan so‘ng Oliy Majlis Senati a’zosi Gulnora Ma’rupova, Oila va gender tenglik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nodira Egamberdiyeva hamda boshqalar oila mustahkamligini ta’minlash asoslari, oilaviy qadriyatlarni asrash masalalariga to‘xtaldilar. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan konferensiya rezolyusiyasi qabul qilindi.
Anjuman so‘ngida “Ibratli oila” ko‘krak nishoni sohiblari, yosh kelin-kuyovlar ishtirokida “Oilalar sayli”, shuningdek, “Oila – bolalar nigohida” rasmlar ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Konferensiyadan keyin uning ishtirokchilari shahardagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdilar hamda Kattaqo‘rg‘on suv omborida tashkil etilgan “Madaniyat va ekoturizm” klasterining ochilish marosimida qatnashdilar.