Fransiya elchixonasi vakillari Samarqand davlat universitetida

Samarqand davlat universitetiga Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasining madaniyat va hamkorlik bo‘yicha maslahatchisi janob Deni Dyuklo hamda Samarqand fransuz alyansi direktori Marjolen Gallo (Marjolaine Le Gallo) tashrif buyurdi. Mehmonlarni SamDU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori, professor Akmal Axatov kutib oldi.
Muloqotda tomonlar Fransiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar. Jumladan, agrobiotexnologiya, fizika, kimyo, amaliy matematika va arxeologiya yo‘nalishlarida qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, mutaxassislar tayyorlash hamda yosh tadqiqotchilar va doktorantlar uchun Fransiyaning ilg‘or ilmiy markazlari va laboratoriyalarida stajirovkalarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, fransuz olimlari bilan qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Uchrashuv chog‘ida ERASMUS va Campus France dasturlari doirasida SamDU talabalari uchun keng imkoniyatlar yaratish, ularga axborot va metodik ko‘mak ko‘rsatish borasida yaqin hamkorlik qilishga tayyorlik bildirildi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.