Yovvoyi tabiat turli-tuman g’aroyibotlarga to’la. Hayvonlar ichida inson aqlini hayratda qoldiradigan turlar talaygina. Shunday g’ayrioddiy organizmlardan biri bu pashshalardir. Pashshalar deganda ko’pchilikning xayoliga kasalliklarni tarqatuvchi organizmlar kelsada, aslida ular orasida inson va tabiat tuchun foydali turlari ham bor. Yer yuzida pashshalarning 200 ga yaqin oilasi bo’lib, 150 mingdan ortiq turi mavjud. 

    Pashshalar orasida o’ziga xos o’ringa ega bo’lganlaridan biri Asilidlar ya’ni qaroqchi pashshalar oilasi hisoblanadi. Yer yuzida bu oilaning 7000 turi uchrashi aniqlangan. Ular o’z o’ljasini havoda hujum qilib tutadi. Shu sababdan ham ular qaroqchi pashshalar nomini olgan. Ba’zan ular o’z o’ljalarini chalg’itish uchun asalari va arilarga taqlid qilishadi. Bu pashshalar tajovuzkorligidan tashqari yebto’ymasligi bilan ham ajralib turadi. Ular bir kunda o’z vaznidan 3-4 barobar ko’p va o’zi yashaydigan maydondagi boshqa yirtqich hashoratlarga nisbatan 1-2 barobar ortiq zararkunanda hashoratni iste’mol qiladi. Bu pashshalar Yer yuzining Antarktidadan boshqa barcha qit’alarida tarqalgan. Odatda ularni har qanday quyosh yaxshi tushadigan joydan topish mumkin. Qaroqchi pashshalar issiqni juda yaxshi ko’radi.

    Bizning yurtimizda uchraydigan qaroqchi pashshalar ichida eng yirigi bu Satanas gigas hisoblanib, tanasining uzunligi 5 santimetrga yetadi. Satanas gigas lotin tilidan tarjima qilinganda “Katta” ma’nosini anglatadi. Bu nom pashshaning juda yirikligi va o’ta tajovuzkorligi bois berilgan. U hayotining asosiy vaqtini havoda o’tkazadi, bir necha soatda bor yo’g’i 3-4 daqiqa dam oladi.  Agar oldingizdan vertolyotdek shiddat bilan qandaydir hashorat uchib o’tsa-yu, bu ninachi bo’lmasa, bilingki, bu Satanas gigas pashshasidir. Ammo bu hodisaning ehtimoli kam, chunki so’ngi vaqtlarda mamlakatimizda bu pashshaning kamayib ketgan va shu sababli O’zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan.

 

Sobitxon Mamanov

Biokimyo instituti 2-bosqich magistranti.