Bugungi kunda dunyo dehqonchiligida katta maydonlarni egallaydigan ekinlarning har biri, ularni ko‘p tarmoqli ekanligidan kelib chiqib ekin maydoni belgilanadi. Ekin maydonlaringa ko‘ra soya ekini bug‘doy, sholi, makkajo‘xoridan keyingi o‘rinni egallaydi. Maʼlumotlarga ko‘ra, soya dunyo mamlakatlarida 100 mln. gektarga yaqin maydonga ekilib, yer shari aholisining 53 foizi faqatgina soya moyini isteʼmol qiladi.

    Soya o‘simligi doni va oqsilidan to‘rt yuzdan ziyod turli xil mahsulotlar tayyorlanadi va ular xalq xo‘jaligining barcha sohalarida ishlatiladi.

    Soyaning kimyoviy tarkibida uning inson organizmi tomonidan eng tez hazm bo‘lishi, zararsizligi bilan paxta va boshqa o‘simliklar moyidan ustun turadi.

    Doni tarkibida 45% gacha oqsil va 25 foizgacha o‘simlik moyi saqlaydi. Shuningdek, soya doni tarkibida hayvon oqsilida uchraydigan barcha almashlab bo‘lmaydigan aminokislotalarni  saqlaydi. Shuning uchun soya oqsilidan sut, qatiq, tvorog, pishloq, turli xil go‘shtlar, ekologik toza sifatli moy, tuxum poroshogi (tarkibida letsitin moddasi saqlaydigan) olish mumkin. Soya oqsilidan qon plazmalari, ko‘z oynaklar uchun sifatli linzalar olinadi. Bundan tashqari jun gazlamalar ishlab chiqiladi.

    Soya uni qo‘shib tayyorlangan non mahsulotlari qotib qolmaydi va ular 4-5 kun davomida yumshoq bo‘lib turadi hamda faqat bug‘doy unidan pishirilgan nonlarga qaraganda ikki marta to‘yimli hisoblanadi.

    Chorvachilikda soya mahsulotlari, eng sifatli va tuyimli yem-xashak ozuqalari bo‘lib hisoblanadi. Soya doni tarkibidagi proteinga ko‘ra 100 kg. soya doni 134,8 ozuqa birligi saqlaydi. Bu ko‘rsatkich boshqa bironta donli yoki dukkakli ekinda uchramaydi.

    Soya donidan moy zavodlarda moy ajratib olingandan so‘ng qolgan shroti tarkibida 14 xil aminokislota mavjud bo‘ladi.

    Ana shu moddalar 3 kunlik jo‘jalar uchun aminokislotalarga boy ozuqa sifatida tavsiya qilinadi. Katta tovuqchilik fermalarida soya shroti bilan oziqlantirilganda ulardan olinadigan tuxum soni ortadi.

    Soya oqsilidan ipakchilikda ham ozuqa sifatida foydalaniladi. Masalan Yaponiyada bir yilda besh martagacha ipak qurti boqiladi. Bunda, soya oqsilidan suyultirilgan pastalar tayyorlanib qurtlar oziqlantiriladi. Bu o‘simlik tuproq unumdorligini oshirish borasida ham eng muhim ekinlardan biridir.

    Soya dukkakli o‘simlik sifatida o‘z ildizlari orqali havodan sof azotni o‘zlashtirib oladi va tuproqni azot bilan boyitadi. Soya bugungi kun dehqonchiligida eng muhim ekin bo‘lib, tuproq strukturasini yaxshilab,biologik unumdorlikni oshiradi, o‘zidan keyin tuproqda 55-60 kg. miqdorda sof azot qoldirib ketadi. Soya ekilgan dalalarda tuproqning mikroflorasi yaxshilanadi, tuproqda biologik va ekologik tizim vujudga keladi. Chuvalchanglar, rizobium bakteriyalari va boshqa foydali organizmlar yashashi uchun qulay muhit yuzaga keladi.

    Ilmiy tajribalarda soya ekilgunga qadar tuproqdagi gumus miqdori 0,65-0,72% bo‘lgan bo‘lsa, soya ekilgandan keyin kuzda gumus miqdori 0,95-1,03%ga yetishi ko‘rsatib berilgan.

    Muxtasar qilib aytganda, soya yetishtirish bilan ikki muhim muammoni, birinchisi tuproqni biologik azot bilan boyitish, azotli o‘g‘itlarni kam sarflash orqali fermer xo‘jaliklarining samaradorligini ortishiga, ikkinchisi aholini eng sifatli, tarkibida inson uchun zararli moddalari bo‘lmagan o‘simlik moyi bilan taʼminlashga erishamiz.

    Yetishtirish agrotexnikasi

    Soya o‘simligini ikki muddatda ekish mumkin. Birinchisi bahorda tuproq harorati 12-14 0 S bo‘lganda yoki makkajo‘xori bilan bir muddatda, ikkinchi muddat  takroriy ekin sifatida donli ekinlardan so‘ng ekiladi. Soyaning ertapishar navlari 1200-15000S, o‘rtapishar navlari esa 1800-21000S talab qiladi.

    Soyani asosiy ekin sifatida ekishda uning navlarini to‘g‘ri tanlay bilish lozimdir.

    Ertapishar navlarni o‘suv davri 70-75 kun bo‘lsa, o‘rtapishar navlar 100 -110 kun va kechpishar navlari esa 135-140 kunda pishib yetiladi. Qaysi muddatda ekilishiga qarab navlar tanlanadi. Kechpishar navlarni takroriy ekib bo‘lmaydi, ular takroriy ekilganda pishib yetilmaydi. Bu hollarda ularni silos yoki ko‘k poya sifatida o‘rib mollarga berish mumkin bo‘ladi.

    Soya navlari ekish meʼyori gektariga 60-70 kg bo‘lib, qator oralari 70 sm. kenglikda ekilishi maqsadga muvofiqdir. Qator orasi 90 sm. bo‘lganda tup soni kamayishi evaziga hosildorlik kamayib ketadi. Ekish pnevmatik seyalkalarda amalga oshirilib, urug‘lar tuproqning tarkibiga qarab 4-6 sm. chuqurlikka tashlanadi va urug‘ suvi beriladi. Tup soni bir gektarda 400, 500, 600 ming, tup bo‘lishi o‘rganilmokda. O‘suv davrida 2-3 marta kultivatsiya o‘tkaziladi. Dehqonchilikda eng asosiy agrotexnik tadbirlardan biri o‘simlikning o‘sib-rivojlanish davrida uning qator oralariga ishlov berishga katta ahamiyat berish lozim.

    Soya nihollari ko‘rinib qolishi bilan ularga ishlov beriladi. Kultivatsiyani o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazib, begona o‘tlarga qarshi kurash olib boriladi. Birinchi kultivatsiya soya nihollari 3–4 chinbarg chiqarganda 10–12 sm. chuqurlikda o‘tkaziladi. Ikkinchi va uchinchi kultivatsiya uning chuqurligi 8–10 sm. bo‘lishi kerak. Kultivatsiya bilan birgalikda o‘simlikni azot o‘g‘iti bilan oziqlantirish yaxshi natija beradi.

    Vegetatsiya davrida sug‘orish ishlari yer osti suvlarining joylashishiga qarab olib boriladi, grunt suvlari 1,5-2,0 m. bo‘lsa o‘suv davrida 3-4 marta sug‘oriladi. Ildizlari baquvvat bo‘lgani uchun suvga qarab yetib boradi. Yer osti suvlari uzoq yoki pastda joylashgan bo‘lsa unda sug‘orish soni oshiriladi. Vegetatsiya davrida sug‘orish muddatlari quyidagicha: birinchi sug‘orish shonalashda, ikkinchisi dukkaklar shakllanishida, keyingi sug‘orishlar don hosil bo‘lish jarayonida amalga oshiriladi. Shunda sug‘orish meʼyorlari gektariga 800–1000 m3 ni tashkil etadi.

    Turli zararkunandalar, jumladan, tunlamlardan himoya qilishda Sepermetrin (0,3 l/ga) preparatini 2 marta 200 litr suvga aralashtirib sepish yaxshi samara beradi. Bitlarga qarshi BI-58 40 foizli em.k. (1,5 l/ga) sepiladi. O‘rgimchakkanaga qarshi Karate yoki Lyambdatsitalotrin (0,4–1 l/ga) preparatlari qo‘llaniladi. Turli hasharotlar – bitlar, kanalar, shiralar, tripslar va chigirtkasimonlarga qarshi Karbafos yoki Malation (2 l/ga) yoki Fufanon (1 l/ga) ikki marta, Omayt yoki Propargit (1,3 l/ga) preparatlarini qo‘llash lozim.

    Soya hosili to‘liq pishib yetilganda, yaʼni dukkagi qo‘ng‘ir tusga kirib, urug‘i qattiq bo‘lib, barglari to‘kilganda yig‘ishtirib olinadi. Hosilni qisqa vaqt ichida yig‘ishtirib olish lozim, aks holda aksariyat qismi nobud bo‘lishi mumkin. Hosil yig‘ib olingandan so‘ng tozalanib, saralanadi va 14% namlikkacha quritiladi. Soya doni quruq va shamol o‘tib turadigan xonalarda yaxshi saqlanadi.

Xurshida Raxmonova

Samarqand davlat universiteti tayanch doktoranti.