Qabul jarayonida qanday yangiliklar bor?!

Samarqand davlat universiteti magistratura markazi boshlig‘i Nigora Nizamova magistraturaga qabul jarayoniga oid yangiliklar, yaratilgan imkoniyatlar, qabul tartibi, ajratilgan kvotalar bilan bog‘liq savollarga javob berdi...

    – Samarqand davlat universitetiga 2023-2024-o‘quv yili uchun magistraturaga qabul rejasiga muvofiq joriy yilgi qabulda qanday yangiliklar bor?

    – Bu yilgi qabul rejasiga muvofiq, Samarqand davlat universiteti 2023-2024-o‘quv yilida magistratura uchun jami 524 ta kvota ajratilgan bo‘lib, shundan 428 tasi davlat granti asosida, 96 tasi to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinishi rejalashtirilgan. Ta’lim uch tilda: o‘zbek, tojik va rus tillarida olib boriladi. Qabul e’lon qilingan magistratura mutaxassisliklari orasida bir nechta yangilari ham bor. Masalan: fizika: fotonika, astronomiya, gidrologiya, biotexnologiya (meva-sabzavotchilikda) kabilar shular jumlasidan. Shuningdek, o‘tgan yilgidan farqli ravishda falsafa, raqamli iqtisodiyot mutaxassisliklariga bu yil qabul yo‘q. 

    – Joriy yilgi qabul rejasida aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha mutaxassisliklar uchun barcha kvotalar davlat granti uchun ajratilgan. Bunga sabab nima?

    – Avvalo, aniq va tabiiy fanlar fundamental fan sifatida jamiyat taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, ularning rivoji mamlakat iqtisodiyoti taraqqiyotiga alohida ta’sir ko‘rsatadi. Ta’kidlash joizki, Prezidentimiz tomonidan keyingi yillarda aniq va tabiiy fanlar rivoji uchun jiddiy e’tibor kuchaytirilmoqda. Jumladan, umumta’lim va oliy ta’limda o‘quv sifatini yuksaltirish chora-tadbirlari ishlab chiqilib, amaliy qo‘llanishga oid izlanishlar imtiyozli yo‘nalish sifatida belgilandi. Fundamental fanlar, avvalo, atrof va olam haqida zarur va muhim bilimlar manbai bo‘lib xizmat qilsa, ikkinchidan inson imkoniyatlarini boyita borib, insoniyatning texnik taraqqiyot yo‘lida dadil qadam tashlashi uchun asos yaratadi. Shuning uchun mazkur sohalarda ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanishni istagan yoshlarga keng imkoniyat berish maqsadida kvotalar to‘liq davlat granti asosida ajratilgan.

    – Agar abituriyent mazkur mutaxassisliklarda qabul chegarasiga kira olmasa, qo‘shimcha tarzda kontrakt to‘lab o‘qishi mumkinmi?

    – Qabul natijalariga ko‘ra, talabgorlar soni va universitetning ichki imkoniyatidan kelib chiqqan holda Vazirlar Mahkamasining tegishli ruxsati bilan qabul qilinishi mumkin.

    – Magistraturaga til sertifikatisiz o‘qishga kirish bo‘yicha imtiyozlar haqida ma’lumot bersangiz...

    – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 20.10.2022-yildagi PQ-407-son qaroriga muvofiq, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga o‘qishga qabul qilishda ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxslar tomonidan xorijiy tilni bilish bo‘yicha milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatni taqdim etish talab etilmaydi.

    Shuningdek, Prezident va nomli davlat stipendiyalari sovrindorlari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotlari sohibalari, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohiblari, fan olimpiadasi g‘oliblari umumiy kvotadan tashqari imtiyoz asosida magistraturaga qabul qilinadi.

    Shu bilan birga magistratura mutaxassisliklariga kiradigan, kimyo, biologiya, informatika va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarini imtiyozli diplomga bitirgan bitiruvchilar uchun til sertifikatisiz topshirish imkoni mavjud. Faqat bu imtiyoz bitiruvchining o‘zi o‘qigan oliygohiga o‘tadi. Bu yo‘nalishlar kvotadan tashqari imtiyozli yo‘nalishlar hisoblanadi, qolgan yo‘nalishdagi, imtiyoz bilan tugatgan talabalar hamma qatori chet tili sertifikati bilan topshiradi.

    – B1 darajadagi til sertifikati bilan magistraturaga kirish mumkinmi?

    – Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan me’yorlarga ko‘ra, nofilologik ta’lim yo‘nalishlari uchun B2, filologiya ta’lim yo‘nalishlari uchun C1 darajadagi sertifikat talab qilinadi. B1 darajadagi sertifikat magistraturaga o‘qishga tavsiya qilish uchun asos bo‘lolmaydi.

     – Agar talabgorlar darajasidan kelib chiqib, C1 yoki B2 darajali sertifikat egalari soni qabul kvotalarini to‘ldirishga yetmasa, B1 darajali sertifikat olganlar qabul qilinishi mumkinmi?

    – Abituriyentni magistraturaga o‘qishga tavsiya etish davlat komissiyasi qarori asosida amalga oshiriladi. Bu masala universitet xohishiga bog‘liq emas. Balki, tegishli qaror bilan qabul qilinishi mumkindir, oldindan bir narsa deyish qiyin...

    – Magistraturaga til sertifikati talabining joriy etilishiga shaxsiy munosabatingiz qanday?

    – So‘nggi yillarda jamiyatda magistrlar statusini oshirishga harakat qilinmoqda. Balki hozir bakalavr va magistr bitiruvchilari uchun mehnatga haq to‘lash, muayyan lavozimga qabul qilish talablari bir xildir. Ammo, vaqti kelib, magistratura bitiruvchilari statusi oshadi. Magistraturaga til sertifikati bilan kirgan magistrantlar oldingi bitiruvchilardan farqli ravishda o‘z tadqiqotlari uchun zarur bo‘lgan xorijiy ilmiy manbalardan hech qanday qiyinchiliksiz foydalanishmoqda.  Ularda xalqaro nashrlarda ilmiy ishlarini chop etish darajasi ham ancha yuqori. Tilni bilish tadqiqotchiga sohaga oid muhim ilmiy manbalardan erkin foydalanish imkonini beradi. Tan olish kerak, ilmiy manbalarning ko‘pchiligi chet tilida. O‘zbek tiliga tarjima qilingan ilmiy adabiyotlar soni kam. Chet tilini bilgan ilmiy tadqiqotchi kelgusida ilmiy tarjimalar bilan ham bemalol shug‘ullana olishiga ishonaman.

    Bugungi kunda mamlakatimiz yoshlarida ilm-fan va ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanishlari uchun yetarlicha imkoniyat bor. Birgina, magistraturada tahsil olayotgan xotin-qizlarning kontrakti davlat tomonidan to‘lab berilishi ayollar uchun ilm olish sari keng imkoniyat yo‘lini ochdi. Bugun oliy ta’limdagi qizlar uchun yaratilgan har bir imkoniyat nafaqat bir qizga u orqali bir oilaga, butun bir jamiyatga berilgan imkoniyat, qilingan yaxshilikdir. Ilgari qizlarning magistraturada o‘qishi ancha qiyin edi. Aksariyat qizlar to‘rt yil davomida shartnoma pulini to‘lab kelgan oilasiga botinib “magistraturada o‘qiyman” deyolmasdi. Endi bu muammo bo‘lolmaydi.

    Istardimki, ertangi kunimiz egalari bu kabi imkoniyatlardan samarali foydalangan holda ilm olishsin va porloq kelajagimizning mustahkam poydevorlarini qo‘ysinlar.

 

    Samarqand davlat universiteti
    Axborot xizmati xodimi
    Iroda Bekmurodova suhbatlashdi