Samarqand davlat universitetida viloyat hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Behzod Rahmatullayev ishtirokida universitetning  istiqbolli kadrlar zaxirasiga tanlab olingan bir guruh iqtidorli bitiruvchi talabalari bilan uchrashuv oʻtkazildi. Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘z yo‘nalishida kuchli bilim va salohiyatga ega bo‘lgan bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, ularni davlat boshqaruvining turli sohalarida faoliyat olib borishga jalb qilishdan iborat.

     Uchrashuvda Samarqand viloyat hokimligi tashkiliy kadrlar guruhi rahbari Bekzod Rahmatullayev yetuk salohiyatga ega bo‘lgan sifatli kadrlarni yetishtirish davrning asosiy talabi ekanligini ta’kidlab, bugungi zamon talabiga javob beradigan, chuqur bilim va salohiyat egasi bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish, iqtisodiyot va xalq xo‘jaligining rivojlanishdan ortda qolayotgan sohalarni takomilga yetkazishda nihoyatda ahamiyatli bo‘lishini aytib o‘tdi:

 – Viloyatda har yili viloyat oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari orasidan bilimli, chuqur salohiyatli talabalarni ajratib olib hokimlikning zaxira kadrlar guruhi shakllantiriladi hamda tegishli sohalarda ish bilan ta’minlanadi. Samarqand viloyati hokimligi uchun Samarqand davlat universiteti kadrlar zaxirasini yaratib beradigan asosiy oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. O‘tgan yillar davomida universitet bitiruvchilari orasidan istiqbolli kadr sifatida tanlab olingan oʻz yo‘nalishida yetuk salohiyatga ega bo‘lgan yoshlar iqtisodiyot, davlat boshqaruvi, xalq xo‘jaligi va qurilish kabi sohalarga faol jalb qilingan. Bugun ushbu kadrlar davlat tashkilotlari, davlat xizmatlari va xususiy sektorlarda samarali faoliyat olib bormoqda. Joriy yilda universitetning 106 nafar bitiruvchi talabasi istiqbolli kadrlar zaxirasiga tanlab olindi. O‘ylaymanki, bugungi uchrashuv yoshlarning o‘z karyeralarini shakllantirish va davlat tashkilotlarida faoliyatlarini boshlash yo‘lida o‘ziga xos qadam bo‘ladi.

    Bitiruvchilarning istiqbolli zaxira guruhi, avvalo, o‘z sohasida kuchli bilim, a’lo o‘zlashtirishga ega bo‘lgan, mamlakatdagi islohotlardan xabardor bo‘lish bilan bog‘liq dunyoqarashi shakllangan, xorijiy tillarni bilish va xalqaro maydondagi axborotlardan foydalana olish ko‘nikmalarini egallagan, mustaqil fikrlaydigan, mas’uliyat va javobgarlikni teran anglay oladigan tashkilotchi, kirishimli talabalarni o‘z ichiga oladi. Mazkur islohot yoshlarni kelajakda davlat boshqaruvida faoliyat yuritish va rahbarlik lavozimlariga tayyorlashda muhim omil bo‘lishi shubhasiz.

    Samarqand davlat universiteti
    Axborot xizmati.
    Shavkat Akramov olgan suratlar.