Men ellik yildan ko‘proq vaqt davomida ta’lim sohasida faoliyat ko‘rsatib kelyapman. Ta’limning muammolarini chuqur bilaman. Ularni bartaraf etish haqida ko‘p o‘ylayman.

    Ma’rifat tarqatuvchi maskanlar bu – maktabgacha ta’lim muassasasi, maktab, institut va universitetlardir. Ming afsuski bugun maktablar yetishmasligi orqasidan farzandlarimiz 2-smenada o‘qishga majbur bo‘lmoqda. Bu birinchi navbatda ta’lim sifatining pasayishiga, bolalarga va ularning ota-onalariga ko‘plab noqulayliklar tug‘ilishiga olib kelmoqda.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2016-yilda oliy ta’lim sohasida boshlangan islohotlar natijasida nafaqat qabul kvotasi oshirildi. Balki ta’limning kechki va sirtqi yo‘nalishlari ham ochildi.

    O‘tgan qisqa vaqt davomida Samarqand davlat universitetining Kattaqo‘rg‘on shahar va Urgut filiallarii hamda Muhandislik fizikasi, Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutilari faoliyat boshladi. Talabalar soni salkam 30 mingga yaqinlashdi.

    Lekin moddiy texnik bazamizning ahvoli yaqin-yaqingacha  2016-yildagi olti ming talaba o‘qigan davrdagidek edi. O‘tgan vaqt oralig‘ida uchta talabalar turar joyi, o‘nga yaqin o‘quv binolari qurilgan bo‘lsa-da yetarli emas.

    Sifatli ta’lim zamirida, avvalo, sifatli moddiy-texnik baza, o‘quv komplekslar yotadi. Ta’limning birinchi talabi o‘quv xonasi va o‘qituvchi bo‘lishi shart.

    Bugun biz aynan o‘quv binolari bunyod etishimiz  zarur. To‘g‘ri, bu borada shaharsozlik qoida va talablariga so‘zsiz rioya qilish talab etiladi. Bunyodkorlik ishlari kimgadir yoqadi, kimgadir yoqmaydi, boshqa birovga  xalaqit beradi. Nima bo‘lishiga qaramasdan ta’lim dargohlari qurish borasida xalqimiz hamjihat, yakdil bo‘lishi lozim deb hisoblayman.

    Qachon Vatanimiz rivojlangan, taraqqiy etgan?

    Tarix haqiqatlari shuni ko‘rsatadiki, ilm-fan yuksalishi davlatning iqtisodiy qudratini ham oshirgan. Shaharlar bunyod etilgan, suv inshootlari qurilgan, mo‘l-ko‘lchilik bo‘lgan. Xalqning turmush darajasi yaxshilangan. Eng chiroyli, eng ko‘rkam, eng salobatli binolar ta’lim dargohlari madrasalar bo‘lgan.

    Bugun qaysidir ma’noda biz mazkur tamoyillardan uzoqlashdik.

    Tarixni taftish qiling. Qachon millat tanazzulga uchradi? Ilm-ma’rifatga e’tibor pasayib, olimu fozillar oyoq osti qilingan davrlarda Xalqimiz qullikka mahkum etildi.  Bilimsizlik natijasida nafaqat taraqqiyotdan orqada qoldik balki, milliy davlatchiligimizni va erkimizni ham qo‘ldan boy berdik.

    Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand davlat universitetida qurilishi rejalashtirilayotgan o‘quv binolariga qarshilik bildirilayotganini ko‘rib, kuzatib to‘g‘risi ajablandim.

    Birinchidan hozir SamDU uchun o‘quv binolari barpo etilishi mo‘ljallanayotgan joylar ham aslida universitetning tarixiy hududi ekanligini unutmaslik kerak. O‘sha paytda bu yerlar chetdan kelgan domlalarga uy-joy qurish uchun berilgan.

    Ikkinchidan qadim-qadimdan ham madrasa, masjid qurishga qarshilik qilinmagan. Bunday maqsadlar uchun odamlar o‘z yerlari, hatto hovlilarini ham taqdim etishgan. Bu o‘rinda ham maqsad yaxshi. Xalqning bolalari o‘qishi uchun bino quriladi.

    Uchinchidan  Samarqand davlat universiteti aynan bugungi Universitet xiyobonida  tashkil topgan va shu kungacha faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Universitet xiyobonining nufuzini ham fayzini ham aynan SamDU borligida deb bilaman.

    To‘rtinchidan nima uchun mashhur Ulug‘bek madrasasi shaharning qoq markazidan o‘rin olgan? Aynan Ulug‘bek madrasasi borligi uchun ham o‘sha joydan Tillakori va Sherdor majmualari ham o‘rin olgan. Demak ota bobolarimiz shahar markazida to‘yxona, oshxona yoki ma’muriy idoralar emas, balki madrasalar qurgan. Shahar markazi o‘z navbatida ilm-fan markazi ham hisoblangan.

    Beshinchidan uvol va savobni ham unutmasligimiz kerak. Ta’lim uchun qo‘yilgan har bir g‘isht bir necha o‘n asrlar davomida xalqimizga xizmat qiladi. Ziyo tarqatadi. Eng savobli amallardan biridir. Bu o‘rinda shubha gumonlarga turli bo‘htonlarga zo‘r berish yaxshi emas deb o‘ylayman.

    Oltinchidan Hukumatimiz, Samarqand viloyati hokimligi mulklari buziladigan hamshaharlarimizga ham alohida e’tibor qaratishiga, g‘amxo‘rlik qilishiga ishonaman. Ularni ham rozi qilish kerak albatta.

    Men samarqandliklarni yana bir marta hamjihatlikka chaqiraman. Keling his-hayajonga, ortiqcha xatti-harakatlarga berilmaylik. Qurilish qilish ko‘zda tutilayotgan yerda ertaga bizning bolalarimiz o‘qiydi, ishlaydi. Bu dargohlar xalqimiz uchun manfaatli bo‘lishiga ishonaman.

 

Muslihiddin Muhiddinov,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi,

“El-yurt hurmati” ordeni sohibi, professor.