Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetiga yangi o‘quv yilida grant asosida talabalikka tavsiya etilgan yoshlarning ota-onalariga Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodovning Tashakkurnomalari topshirilmoqda.

    Jamiyatimiz uchun erkin fikrlaydigan, ilm olishga qiziqishi kuchli bo‘lgan, harakatchan va mas’uliyatli yoshlarga talab juda ham katta. O‘z o‘rnida yoshlarni tarbiyalash, ularni bolaligidan bilim olishga yo‘naltirish ham oson emas. Bunda ta’lim muassasalarining ham o‘rni bo‘lsa-da, eng katta mas’uliyat ota-onaning zimmasidadir.

    Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov tashabbusi bilan universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plab, grant asosida talabalikka tavsiya etilgan yoshlarning ota-onalariga maxsus Tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirilmoqda. Ushbu taqdirlash marosimlariga talabaning ota-onasi, mahalla faollari va keng jamoatchilik ham taklif etilyapti. Farzandini o‘qitayotgan, jamiyat uchun kerakli bo‘lgan yana bir ziyolini tarbiyalagan ota-ona bugun mahalla ahliga o‘rnak sifatida ko‘rsatilmoqda.

    Ana shunday tadbirlardan biri Payariq tumani Oqqo‘rg‘on mahallasida bo‘lib o‘tdi. SamDU filologiya fakultetiga davlat granti asosida talabalikka tavsiya etilgan Dilafro‘z Rustamovaning ota-onasi Shirinboy Sobirov va Naima Sobirovaga O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodovning Tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.

    - Qizim o‘qishga kirganda qanday hayajonlangan bo‘lsam, bugun ham ko‘nglim tog‘day ko‘tarildi, - deydi Dilafro‘zning onasi Naima Sobirova. – Qizimning o‘qishiga hozirdan alohida e’tibor berib, uni yanada ruhlantirayotgan domlalariga tashakkur. Bugungi e’tibordan keyin men qizimni, Xudo xohlasa olim, ziyoli inson bo‘lishini niyat qildim. Nasib bo‘lsa uni magistratura va doktoranturada ham o‘qitamiz.

    - Dilafro‘z yoshligidan ona tili va adabiyot faniga qiziqardi, - deydi Payariq tumanidagi 84-maktab o‘qituvchisi, Dilafro‘z Rustamovaning sinf rahbari Matluba Xoliqova. - Uning she’rlar yozib turishidan ham xabardor edik. Bugun u o‘z bilimi bilan talaba bo‘ldi. Dilafro‘zning Samarqand davlat universitetidagi keyingi faoliyatiga omad tilayman. O‘qituvchi sifatida, aytishim mumkinki, odatda, sportchi yoshlarga ko‘p e’tibor beriladi. Lekin Samarqand davlat universiteti ilm dargohi sifatida o‘qishga bo‘lgan intilishni, bilimni qo‘llab-quvvatlayotgan ota-onalarni e’tirof etayotgani jamiyatimiz haqiqatan ham intellektuallashib borayotganidan dalolat beradi. Men universitet rektoridan alohida minnatdorman.

Otabek Sa’dullayev,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.