O‘zbekiston Qahramoni, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, 2017 yilda BBS talqinida “Dunyoning 100 ayoli” ro‘yxatiga kiritilgan ilk o‘zbek ayoli Muhabbat Sharopova bilan suhbat

    -Nega o‘qituvchilik kasbini tanlagansiz?

    -Maktabda 5-sinfda o‘qib yurganimda bizga darsga kirgan matematika fani o‘qituvchisi sabab bu kasbga mehrim uyg‘ondi. Alohida tirishqoqlik bilan matematikani o‘rgana boshladim. Fan olimpiadalariga qatnashdim. 7-sinfligimdayoq viloyat olimpiadasida sovrindor bo‘la olganman. Kelgusida bu fanni kelajakdagi kasbim sifatida tanlashimda onamning ham hissasi katta. Bolalikdan darslarimni onam bilan tayyorlaganman. Nimani tushunmay qolsam, yoki bilmasam onam menga o‘rgatardi. Onam mening o‘qituvchi bo‘lishimni xohlagan. Shuning uchun o‘qituvchilik  kasbini tanladim. Bu kasbni tanlaganimdan mingdan-ming roziman. Kasbimni sevganim, o‘quvchilarga bo‘lgan mehrim sabab hech qachon kasbimdan nolimaganman. 52 yil maktabda o‘qituvchilik qildim. Bu orada juda ko‘p mansab lavozimlarga taklif qilishdi. Ammo men maktab ostonasidan ketmadim. Hatto ishlab turgan maktabimda ilmiy bo‘lim mudiri, direktor bo‘lishga ham rozi bo‘lmadim. Men uchun oddiy muallimlik har qanday mansabdan afzal bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi.

    Mana 52 yil maktabda ishlaganimdan keyin, Qarshi davlat universiteti ma’muriyati taklifi bilan universitetning oliy algebra kafedrasida faoliyatimni boshladim. Talabalarga oliy matematika sirlaridan saboq beryapman.

    -Samarqand davlat universitetini bitirgansiz. Universitet bilan bog‘liq xotiralaringizni o‘rtoqlashsangiz.

    - SamDU mamlakatimizning eng nufuzli universiteti. Ushbu dargohda o‘qiganimdan bir umr faxrlanaman.

    Men o‘qishga kirgan yilim matematika fakulteti talabalarining 27 nafari qiz bola edi. Universitetni bitirishimiz chog‘ida bor-yo‘g‘i 6 nafar qiz bitirgan.  Zamona sababmi, yoki boshqa ijtimoiy muammolar tufaylimi, har holda qizlarning universitetda o‘qishi kam kuzatilardi.

    Bugungi zamonamizni ko‘rib ko‘zim quvnaydi. Talabalar safida qizlar soni kundan kunga ortib bormoqda. Qizlar uchun oliy ta’limda juda katta imtiyozlar berilmoqda. Bu imkoniyatlardan, albatta, foydalanib qolish kerak. Ilmli qiz ziyoli millatni tarbiya qiladi. Shunday ekan, qizlarning ilm olishiga e’tibor qaratish muhimdir.

    -Ayol kishiga hayotda o‘z o‘rnini topa olishi uchun kerak bo‘lgan uchta asosiy omil?

    1. Hayotga bo‘lgan muhabbat.

    2. O‘z kasbiga mehr qo‘yish.

    3. Turmush o‘rtog‘ini to‘g‘ri tanlay bilish.

    -Ham ilmga, ham hayotdagi ayollik vazifalari: uy, oila, farzand tarbiyasiga birday ulgurishga kuchni qayerdan olish mumkin, bu borada o‘qituvchilar, yosh olimalarga qanday tavsiyalar bera olasiz?

    -Bu juda mushkul. Hatto o‘zim ham bularga birday ulgurishning uddasidan chiqolmaganman deb hisoblayman. Chunki asosiy vaqtim maktabda o‘tardi. To‘y-hasham, gap-gashtakka umuman bormasdim. O‘qituvchi bo‘lib dars qoldirishdan uyalardim. Hatto farzandim, betob bo‘lib qolsa ham, dori-darmonini berib, ishga ketardim. Qizim bir o‘zi uyda yolg‘iz qolardi. Chunki, maktabda dars qoldirishni kasbimga nisbatan xiyonat deb bilardim. 

    Bugungi yosh o‘qituvchilarga, avvalo, o‘z kasbiga mehrli bo‘lishni aytgan bo‘lardim. Kasbga muhabbat har joyda kerak. Ammo o‘qituvchilar o‘z kasbini sevishi shart. Chunki, o‘qituvchilar qo‘lida yosh avlod tarbiya topadi. O‘qituvchi kasbini sevmasa, o‘quvchilarga mehr qo‘ymasa, bu albatta yosh avlodning ongiga, ruhiyatiga ta’sir qilmasdan qolmaydi.

    -Yaxshi o‘qituvchi bo‘lish uchun qattiqqo‘l bo‘lish shartmi, nima deb o‘ylaysiz?

    -Qattiqqo‘llik ham, yumshoq fe’llilik ham o‘z o‘rnida kerak. O‘quvchi misoli niholday gap. Mehr berib parvarish qilmasangiz, o‘smaydi. Ammo uning to‘g‘ri o‘sishi uchun ishlov berib turish kerak.

    -Ayol kishiga taniqli bo‘lish qay darajada kerak?

    - Bugungi zamona yoshi va jinsidan qat’i nazar har bir insonning yetakchi bo‘lishni talab qiladi. Shuning uchun bu kerak deb o‘ylayman.

    -O‘tgan umringiz davomida oldingizga qo‘ygan barcha maqsadlaringizga erisha oldingizmi?  

    -Hayotda nimagaki erishgan bo‘lsam o‘z kasbim tufayli erishdim. Baxtimni ham, obro‘-e’tiborni ham kasbimdan topdim. Kasbim bir odamga nimaiki berish mumkin bo‘lsa, menga hammasini berdi. Men ham unga umrimni bag‘ishladim. Men boylik yig‘madim. Faqat kitob va shogird to‘pladim. Ozmi-ko‘pmi xalqning obro‘-e’tiborini qozona oldim.

    - Bugungi darajangizga erishish uchun nimadan voz kechgansiz?

    -Ko‘p narsadan voz kechishga to‘g‘ri kelgan. Kezi kelganda oilamga, farzandimga vaqt ajratolmay qolganman. Yetarlicha e’tibor berolmaganman. Bugungi erishganlarimni shularning mukofoti deb bilaman.

    Bir voqeani aytib o‘tishim kerak. Biomyetrik pasport joriy etilganda men ham pasport olish uchun bordim. Avval rasmga olishdi. Keyin barmoq izimni olmoqchi bo‘lishdi. Lekin negadir barmoq izim chiqmadi. Naqd uch kun ovvora bo‘ldim. Baribir barmoq izim tushmadi. Axiyri, tibbiy tekshiruvlardan keyin ayon bo‘ldiki,  45 yil davomida doskaga bo‘r bilan yozish natijasida barmoq izlarim o‘chib ketgan ekan. Bir katta davrada viloyatimiz xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i hammaga shu voqeani aytib berdi. Shundan keyin, hamma meni “barmoq izi o‘chib ketgan muallima” deb ataydigan bo‘ldi...
Bularni eslashimdan sabab, umrim davomida nimagadir erishgan, nimaniki yo‘qotgan, nimadandir voz kechgan bo‘lsam men hammasidan roziman. Bu uchun Allohga behisob shukr deyman.

    - Bugungi kun ayollarini nima cheklaydi?

    -Bu savolga javob berishdan oldin, cheklov nima degan savolga javob berish kerak. Mayda-chuyda muammo va to‘siqlar cheklov bo‘lolmaydi. Agar ayolning o‘zi harakat qilsa, irodasini qo‘lga ola bilsa, har qanday qiyin vaziyatdan chiqib keta oladi.

    - O‘tgan umringizni suratda tasvirlash kerak bo‘lsa unda qanday ranglar bo‘ladi?

    -Barcha yorqin ranglar bo‘ladi, deb o‘ylayman.

    -Doim yodingizda saqlab keladigan baxtli xotiralaringizdan birini aytib bersangiz...

    -Har bir insonning qalbida baxtli xotiralar ko‘p bo‘lsa kerak. Menda ham bir qancha quvonchli kunlar va ulardan qolgan shirin xotiralar bor. O‘tgan umrim davomida eng yodda qolarli lahzam bu – O‘zbekiston Qahramoni unvoniga loyiq ko‘rilganim. Prezidentimizning qo‘llaridan medalni qabul qilib olar ekanman, hayajonimni so‘z bilan tasvirlab berolmayman. Shu o‘rinda yana bir hodisani aytib bermoqchiman. Ushbu unvon bilan taqdirlanganimdan keyin menga nafaqat respublika bo‘yicha, balki turli davlatlarda faoliyat olib borayotgan shogirdlarimdan tabriklar kela boshladi. Yaponiya, Amerika, Rossiya va shular qatorida hatto Arktika qit’asidan ham tabrik xati oldim. Bu meni juda ajablantirdi. Avvaliga adashishgan bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Keyin bilsam, bir shogirdim o‘sha yerdagi ilmiy ekspedisiya tarkibida faoliyat yuritar ekan. Bu meni juda quvontirdi.

    Shu kunga qadar shogirdlarim orasida 5 nafar fan doktori, 40 dan ziyod fan nomzodlari, 10 dan ortiq xalqaro olimpiada g‘oliblari bor. Ustoz sifatida shogirdlarimning dunyo ilm-fani minbariga chiqayotgani, menda hamisha faxr uyg‘otadi.

    - Kelgusidagi rejalaringiz?

    -Yuqorida aytganimday, ayni paytda Qarshi davlat universitetida ishlayapman. Talabalarga  matematika sirlaridan saboq beryapman. O‘z bilimlarimni talabalarga o‘rgatish, eng asosiysi, ularda ham o‘z kasbiga mehr uyg‘ota olish asosiy maqsadim.

 

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova suhbatlashdi