Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetiga Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat tashrif buyurdi.

    Martabali mehmonlarni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov kutib oldi.

    Ikki tomonlama olib borilgan muzokaralarda Hindistonning bir qator universitetlari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, IT mutaxassislari tayyorlash sohasida hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Shuningdek, turizm tarmog‘ini rivojlantirish hamda arxeologiya sohasida tadqiqotlar olib borish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishildi.

    -Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘limi tomonidan shu kunga qadar Hindistonning 15 ga yaqin universitetlari bilan aloqalar yo‘lga qo‘ygan, - deydi SamDU rektori Rustam Xolmurodov. – Bugungi kunda universitetimizning bir qator fakultet va bo‘limlarida hindistonlik olim va professorlar faoliyat olib boradi. Xususan, ingliz tili kafedrasi mudiri, professor Ravinder Gargesh, transformasiya markazi direktori, professor Mohd Nazish Xon, tabiiy va aniq fanlar kafedrasi professori Kristo Anant shular jumlasidan. Mamlakatlarimiz o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan aloqalar tufayli Samarqand davlat universitetining Top-1000 talik xalqaro reytingdan o‘rin olishi, yangi metodologiya namunalari asosida talabalarga sifatli ta’lim berish, hamkorliklikda ilmiy tadqiqotlar olib borish yo‘lida olimlarimizning birga mehnat qilayotgani biz uchun quvonarli hodisa.

    -Samarqand azal-azaldan ilm-fan markazi bo‘lib kelgan, - deydi Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat, - Mamlakatlarimiz orasidagi Zahiriddin Muhammad Bobur asos solgan ushbu ko‘hna aloqalar bardavom bo‘lishiga ishonaman. O‘ylaymanki, ilm-fan va ta’limdagi hamkorligimiz ulkan muvaffaqiyatlar eshigini ochadi va ikki mamlakat ta’lim tizimining kelgusi taraqqiyoti uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

    Uchrashuv so‘nggida janob Manish Prabxat Samarqand davlat universitetiga Hindiston tarixi va jug‘rofiyasiga oid bir qator kitoblar sovg‘a qildi.

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar