Samarqand davlat universitetida O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasi bilan raqamli asrda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash sohasida hamkorlik qilishga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi.

    SHHT sammiti arafasida Huawei kompaniyasining Oʻzbekistondagi direktori Chen Szyakay Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurib, SamDU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Akmal Axatov boshchiligida universitet rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvda SamDU vakillari oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar, shuningdek, Xitoy, Germaniya, Isroil, Ispaniya, Italiya, Turkiya kabi turli mamlakatlarning kompaniya va universitetlari bilan erishilgan xalqaro hamkorlik muvaffaqiyatlari haqida fikr almashdilar.

    -Biz bugun SHHT sammiti kabi yirik mintaqaviy tadbirlardan biri arafasida Huawei kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbariyatini Samarqandda kutib olishdan mamnunmiz, - deydi SamDU prorektori Akmal Axatov. – Samarqand davlat universiteti uzoq yillik tarixga ega bo'lib, doimiy ravishda innovatsiyalar va raqamli taraqqiyotga intiladi. Huawei bilan hamkorlik yoshlarni AKT texnologiyalarini o‘rganishga yanada ko‘proq jalb etish va mamlakatning raqamli ishchi kuchini mustahkamlash uchun munosib hissa qo‘shishiga ishonaman.

    -Mamlakatning raqamli ekotizimini mustahkamlash boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish muhimligini anglagan holda, biz koʻproq AKT sohasida kadrlar tayyorlash va IT sohasida yangi bilim olishga intilayotgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga va raqamli koʻnikmalarini oshirishga eʼtibor qaratishimiz kerak. - deydi Huawei kompaniyasining O‘zbekistondagi direktori Chen Szyakay. - Bugun ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining sammiti arafasida Samarqand davlat universitetida boʻlganimdan xursandman. Bu yerda tadbirga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha katta ishlar amalga oshirilganligi ko’rinib turibdi. Oʻz navbatida biz ham mahalliy aloqa operatorlari bilan hamkorlikda beshinchi avlod tarmoqlarini oʻrnatish va ishga tushirishni koʻrib chiqib, shaharning raqamli rivojlanishiga hissa qoʻshishga harakat qilmoqdamiz.

    Ta’kidlash joizki, ushbu hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari Huawei AKT akademiyasi bilan hamkorlikda “Seed for the Future” oʻquv dasturi asosida taʼlim loyihalarini amalga oshirish, universitet faoliyatiga raqamli yechimlarni jalb qilish, jumladan qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish imkoniyatlarini o‘rganish hisoblanadi.

    Samarqand davlat universiteti
    Axborot xizmati