Samarqand davlat universitetiga yurisprudensiya, dasturiy injinering, agrokimyo va agrotuproqshunoslik, o’simliklarni himoya qilish, issiqxona xo’jaligini tashkil etish va boshqarish, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, kimyoviy texnologiya yo’nalishi bo’yicha texnikumni muvaffaqiyatli tugatgan bitiruvchilarni o’qishga qabul qilish bo’yicha imtihon o’tkazildi.

    Ushbu imtihon og’zaki suhbat asosida bo’lib, professor-o’qituvchilardan tashqari yirik korxona va kompaniyalarning soha vakillari, ilmiy tadqiqot institutlarning mutaxassislari, Samarqand viloyati adliya boshqarmasi mutasaddilari ishtirok etdi. Imtihonda shaffoflikni ta’minlash maqsadida camera.samdu.uz sayti orqali jonli efirga uzatildi.

    - Jizzax viloyati kimyo texnikumida tahsil oldim. Bugungi imtihon men uchun juda esda qolarli va  hayajonli bo’ldi, - deydi abituriyent Shohrux O’razmatov. – Savollar bilan tanishganligim va yaxshi tayyorlanganligim sabab qiyinchilik tug’dirmadi. Asosiysi imtihon shaffof va adolatli tarzda o’tdi. Men Samarqand davlat universiteti talaba bo’lishimga ishonaman…

    - Buxorodan tashrif buyurdik. Qizim Buxoro shahar yuridik texnikumini tamomladi, - deydi talabgorning onasi Oygul Bafoyeva. – To’g’risi, vaziyat qanday bo’larkan, imtihon adolatli o’tarkanmi degan tashvish bor edi. Mana imtihon jarayonlarini onlayn kuzatib turib, barchasining guvohi bo’lib turibman. Endilikda hech qanday xavotirga o’rin yo’q. Qizim, yaxshi tayyorlangan, nasib qilsa talabalik safiga qabul qilinadi. Barcha tashkilotchilarga minnatdorchilik bildiraman…

Samarqand davlat universiteti 
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.