Turkiyaning Konya shahrida Islom birdamlik o’yinlarining og’ir atletika bo’yicha 102 kg. vazn toifasida musobaqa o‘z yakuniga yetdi. Ushbu vaznda yurtimiz sharafini amaldagi yoshlar o‘rtasidagi Jahon va Osiyo chempioni Sharofiddin Amriddinov munosib himoya qildi.

    Murosasiz kechgan bahsda sportchimiz dast ko‘tarishda 172 kg. bilan bronza medali sohibiga aylandi.

    Dastlab 163 kg. o‘ziga bo‘ysindirgan Sharofiddin, ikkinchi urinishida 168  va uchinchi urinishida 172 kg. tosh ko’tarib bronza medaliga ega chiqdi.

    Siltab ko‘tarishda 191 kg. bilan muvaffaqiyatli boshlagan Sharofiddin ikkinchi urinishida 198 kg.ni o‘ziga bo‘ysundirdi. Oxirgi urinishida 201 kg. tosh ko’tarishda biroz omad yetishmadi.

    Umumhisobda sportchimiz 370 kg. bilan o‘z chiqishlarini yakunladi.

    Sharofiddin bilan bog’langanimizda musobaqadagi taassurotlari haqida so’zlab berdi:

    - Bu musobaqa men uchun hayajonli va juda og’ir kechdi, - deydi Samarqand davlat universiteti talabasi Sharofiddin Amriddinov. –  Oxirigacha kurashdim, haqiqatan ham raqiblarim ancha kuchli. Musobaqadoshlarim tajribali va menga nisbatan yosh jihatdan katta. Har gal shohsupachaga ko’tarilganimda faqat menga berilgan ishonch va mas’uliyat haqida o’yladim.  Meni qo’llab-quvvatlab turgan oilamga, yaqinlarimga, xususan Samarqand davlat universiteti jamoasiga o’z minnatdorligimni bildiraman. Ushbu kamtarona g’alabamni O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 31 yilligiga bag’ishlayman.

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi