Samarqand davlat universiteti xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti bakalavriat bosqichida 8 ta’lim yo’nalishi mavjud bo’lib, Rossiya, Isroil, Janubiy Koreya, Xitoy kabi davlatlardagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini  yo’lga qoyib kelmoqda.

    Ushbu fakultetning materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqarish yo’nalishida tahsil olayotgan 15 nafar talaba 2+2 ta’lim dasturi bo’yicha Stankin Moskva davlat texnologiya universitetida o’qishini davom ettirish uchun Rossiyaga jo’nab ketishdi.

    - Bugun men uchun quvonchli kun. O’qishimni endilikda Stankin Moskva davlat texnologiya universitetda davom ettiraman, - deydi talaba Jafar Nosirov. – Samarqand davlat universitetida o’qishni o’zi bir baxt. Bu yerda o’qiyotganim bilan faxrlanaman. Ikki yildan so’ng o’qishimni muvaffaqiyatli tamomlab, yurtimiz uchun kerakli kadr bo’lib yetishishimga ishonaman. Bu kabi imkoniyatni yaratib berganligi uchun SamDU rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman.

    Ma’lumot uchun, ushbu fakultetining yana 25 nafar talabasi 25- avgust kuni jo’nab ketishi rejalashtirilgan.

Samarqand davlat universiteti 
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.