O‘simliklarning kasalliklari qishloq xo‘jaligining rivojlanishida asosiy zarar keltiruvchi manba hisoblanadi. Kasallikning keng tarqalishida ko‘pincha ekologik sharoit, qulay iqlim, radiatsiya miqdori va mikroorganizmlarning fiziologik xususiyatlari asosiy rol o‘ynaydi. Evolutsiya jarayonida uzoq davr mobaynida hosil bo‘lgan tabiiy sharoit patogen turlar miqdorining ortib borishiga sabab bo‘ladi. O‘simliklar kasallikka beriluvchan bo‘lsa, tuproqdagi patogen zamburug‘lar miqdori ortib ketadi, o‘simlik kasallikka chidamli bo‘lsa, kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlar miqdori kamayib ketadi.

    Qishloq xo'jaligi ekinlari kasalliklariga qarshi kurash choralarini to'g'ri belgilashda kasallikni keltirib chiqaruvchi mikroorganizmlar turini to'g'ri aniqlash, ularning biologik xossalarini bilish va samarali ta'sir qiladigan vositalardan to'g'ri foydalanish muhimdir.

    Fusarium avlodiga mansub zamburug’lar o’simliklarda turli xil ildiz chirishi, urug’larning chirishi, reproduktiv organlarning shikastlanib, hosilning pasayib ketishiga olib keladigan kasalliklarni chaqiradi. Hozirgi vaqtda o’simliklarni himoya qilish uchun biologik vositalarning rivojlanayotganiga qaramay, asosan kimyoviy pestitsidlardan foydalanilmoqda. Bu vositalar samarali bo’lishiga qaramay bir qator kamchiliklarga ega: atrof – muhitga zaharli moddalar to’planadi, iqtisodiy jihatdan qimmat; biologik preparatlar esa o’zlarining kimyoviy analoglariga nisbatan bir qator afzalliklarga ega: iqtisodiy hihatdan arzon hamda ekologik xavfsiz, to’g’ri foydalanilganda yuqori samaradorlikka ega.

    O’tkazilgan laboratoriya tadqiqotida sut kislotali bakteriyalar hamda boshqa probiotik mikroorganizmlarni o’z ichiga olgan suyuq holdagi “Imbiokon” biopreparatidan Fusarium, Vertitsillium, Aspergillus, avlodi zamburug’lariga qarshi antagonistik xususiyatlarini aniqlashda foydalanildi.

    Sut kislotali bakteriyalarning antagonizmi ular ishlab chiqaradigan sut kislotasining ta’siridan kelib chiqadi. Ushbu bakteriyalarning xarakterli xususiyatlaridan biri ularning antibiotik faollika ega bo’lgan moddalarni ishlab chiqarish qobiliyati bo’lib, turli mikroorganizmlarga shu jumladan fitopatogenlarga qarshi antagonizm aniq namoyon bo’lishini ta’minlaydi. Hozirgi vaqtda qishloq xo’jaligi mikrobiologiyasining istiqbolli yo’nalishlaridan biri antifungal xususiyatga ega bo’lgan laktobakteriyalar shtammini aniqlashdir. Bu shtammlar o’simliklarni himoya qilish va fiziologik jarayonlarini rag’batlantirish uchun ishlatiladigan ekologik toza biopreparatlarning asosi bo’ladi.

    “Imbiokon” biopreparatining fitopatogen mikroorganizmlarga qarshi antifungal xususiyatini va kasallik tarqatuvchi mikroorganizmlarga qarshi antagonistik xususiyatini aniqlash uchun MRS agarli blok usulidan foydalanildi. MRS (de Man Ragosa Sharpe) bulyoni laktobakteriyalarning o’sishi uchun qulay bo’lgan oziqa muhiti hisoblanadi. Fitopatogen zamburug’larning o’sishi uchun Chapek ozuqa muhiti tayyorlandi. Natijalar 27 ° C da biopreparat tarkibidagi lactobakteriya kulturalarini ekishning 10-kunida, fitopatogen zamburug'larga qarshi hosil qilgan zonalarining diametrini o'lchash yo'li bilan hisobga olindi.

    Preparat tarkibiga sut achituvchi bakteriyalarning 12 xil kulturalari kiradi. Fatopatogen zamburug’lar sifatida 4 ta avlod vakillaridan foydalanildi. Vertitsilllium dahlee, Aspergillus oryzae, Aspergillus flavus, Fusarium semefectum. O’tkazilgan tadqiqot natijasida Imbiokon tarkibidagi Lactobacillus shtammlari hosil qilgan zonalarning diametrlarini o’lchash orqali bakteriya kulturalarining fitopatogen zamburug’larga nisbatan chidamli ekanligi aniqlandi.

 

Husеn Asrorov,

Samarqand davlat universiteti magistri.