Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi, Navoiy nomli davlat stipendiyasi sohibi Muxlisa Jalilova A’zam O’ktam ijodining til xususiyatlari mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi.

    - Insoniy dard bilan yoʻgʻrilgan she’riyat yuqumli va ta’sirchan boʻladi, - deydi Muxlisa Jalilova. - Chunki insonning qalbi kulgidan emas, dard va iztirobdan poklanadi. Oʻzbek she’riyatida  oʻzining ohangiga ega shoirlar va yozuvchilar bisyordir. Shular qatorida, nazm saroyida oʻz taxti va oʻrniga ega, xalqimizning sevimli shoirlaridan biri A’zam Oʻktamdir. Shoir she’rlarida dardchillik, soddalik va shoirning oʻziga xos qiyofasi  bor. Quyidagi she’rlari oʻziga xos ta’sirchanligi bilan ajralib turadi.

Yoʻl aniq, qaytish yoʻq.

Men ketdim endi.

Kechgan narsam-jonni oʻylamam hecham.

Bitta maydon kerak-kurashgim keldi:

Toʻshakda yotgulik qilmasin oʻlim!

    Haqiqatan  ham, shoirning “Taraddud” nomli  ushbu she’rida, biz yuqorida ta’kidlangan mantiqni, lirik qahramon ruhiyatidagi dardchillikni chuqur his qilamiz.Ijodkor poetik dunyosini dunyoqarashidan ayro holda tasavvur qilish qiyin. Sababi har bir ijod ahlining oʻy-xayollari, umuman qarashlari uning poetik dunyosi bilan chambarchas bogʻliq. Va bu holat shoir yoki yozuvchining asarlariga bevosita ta’sir qiladi. A’zam Oʻktam tabiatiga xos rostgoʻylik, qat’iyat, shijoat, iymon-e’tiqodlilik, insoniylik kabi xususiyatlar uning she’rlarida ham oʻz aksini topmay qolmagan.

Tog’lar some’ boʻlib oʻtirishar jim,

Takbir aytgan chog’i guldurab samo.

U yanglig’ munojot qila olur kim,

Yomgʻir bu pichirlab qilingan duo.

    Ibodat turlaridan biri duo sanaladi. Inson hayotdagi hodisalar   qarshisida ojiz qolganda oʻziga duodan boshqa suyanchiq topa olmaydi. Shoir oʻzining “Ibodat” nomli she’rida yomgʻirni pichirlab qilingan duoga qiyos etadi. Oddiy tabiat hodisasi bilan shoir goʻzal oʻxshatishni qoʻllaydi. Shoir  she’rda some’, takbir, munojot, duo, kabi bir uyaga mansub soʻzlardan foydalanganligi she’rning ohangdorligi va jozibadorligini ta’minlagan. Ma’lumki, insonni yomon illatlardan forig’ boʻlishiga da’vat etish insoniy yoʻlga yoʻllashdir.I jodkorning “Soʻroq” nomli she’rida lirik qahramon bevosita insonlardan soʻraydi:

Talpinding, yigʻlading - yelding dunyoga,

Soʻylagil, sen nechun kelding dunyoga,

Buzildi, ayt, nima qilding dunyoga,

Oʻzingni kim deya bilding dunyoga?

    Ma’lumki, islomda insonni ruhiy va axloqiy jihatdan komillik sari yoʻllovchi ta’limot bu-tasavvuf, sufiylik. Tasavvuf yoʻlida ijod qilgan ajdodlarimiz oʻz asarlarida koʻpincha, bu dunyoning bebaqoligiga, hech kimga vafo qilmaganligi va oʻtkinchiligiga koʻp urgʻu bergan.

    A’zam Oʻktam ham insonlardan bu dunyoga nima uchun kelganliklari, dunyo uchun nima qilganliklari, dunyoda oʻzlarini kim deb bilib, qanday oʻrinda ekanliklari  haqida savol qoʻyar ekan, insonlarning tutgan ishidan hayron boʻladi. Soʻrash asnosida, oʻzi bunga javob ham keltiradi:

Tilingni tiymaysan-besharm soʻylar,

Koʻzingni tiymaysan-buzuqka boʻylar,

Oʻzingni  tiymaysan-nelarni oʻylar,

Hech jazo yoʻqmikan bunday zinoga?

    Ma’lumki, Qur’onda bu dunyo hayoti kishilarning imtihon joyi, deb ta’riflanadi. Ya’ni bu dunyo hayoti oxirat saodatiga erishish uchun vositadir.Tilni, koʻzni ,oʻzni tiymay turib saodatga erishish mumkin emas. Zinoga yoʻl qoʻyadigan darajadagi nopok ishlarning, albatta bu dunyoda ham u dunyoda ham javobi muqarrardir. Shoir  buni ritorik soʻroq gap orqali yana bir bor ta’kidlab oʻtgan va javobga oʻrin ham qoldirmagan.

    Shoirning “Qanoat” nomli she’rida  azaliy va abadiy mavzu - muhabbat mavzusi yetakchilik qiladi. Umuman shoir  aksariyat she’rlarida, insonni ma’rifatga, yaxshilikka, yomonlikdan qaytarishga, sabr, chidam va bardoshga da’vat etadi.

Tanladim sal ogʻirroq yoʻlni,

Sal yengilroq jon berayin deb.

Yoki:

Olgʻa qarab yurganim sayin

Yil yiqilar yilning ustiga.

    Mazkur she’rda  bu dunyo oʻtkinchiligi, ogʻir va mashaqqatli, halol yoʻlni tanlab, u dunyoda saodatga erishish mumkinligi haqida faylasufona fikrlarni keltirib, bu dunyoda faqat insondan yaxshilik va qilgan savobli amallarigina qolishini goʻzal satrlar orqali ifoda etgan. Bundan tashqari shoir oʻziga xos she’riy uslubga ega va uning ijodida hech kimnikiga oʻxshamagan tashbeh-u istioralar bisyor. Masalan, tandirni yuvosh duogoʻy kampirga, teraklarni saf tortgan yigitlarga, makkajoʻxorini bir maydon ayollarga yoki polizni sajdadan bosh koʻtarmaydigan holatda qiyoslanishi, shoir she’rlarining musiqiyligi va xalqonaligini, ravonligini ta’minlagan.

Tund yel esar,barglar sariq,

Yoz oʻtmayin kelmoqda kuz.

Oʻtdi qurmoq davri, endi

Qalbdin kibr qasrini buz.

    She’rda tazod san’atidan unumli foydalangan. Birinchi misrada yoz-kuz, ikkinchi misrada  qurmoq-buzmoq fe’llari tazodning yorqin namunasidir.Ushbu she’riy san’atdan foydalanish orqali ijodkor tinglovchiga bermoqchi boʻlgan fikrni tez va oson yetkazgan.

    Xulosa qiladigan boʻlsak,  shoir she’rlarida bu dunyoda oz yashagan boʻlsa-da oʻzining ”men” ini oʻz asarlariga singdira oldi. Va bu orqali ham oʻzining, ham asarlarining umrboqiyligini ta’minlaydi. Shoir oʻlmagan, uning soʻzi tirik, demakki ruhi tirik. A’zam Oʻktam bu yil oltmish ikki yoshga  toʻladi. Hali u uzoq umrlarni koʻrajak. Oʻzi aytganidek, “oʻynab, kulib yuzga ”, undan ham koʻpga, qoʻyingki, mingga toʻlajak!

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.