O‘rta Zarafshon hududlaridagi qisqichbaqa, mollyuska va zuluklar haqida nimalarni bilamiz?

XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab antropogen omillarning tabiiy muhitga taʼsiri ancha oshib ketdi. Buning natijasida turli xil mahalliy, mintaqaviy va umumsayyoraviy ekologik muammolar yuzaga kela boshladi. Bu esa mintaqalarda yashayotgan o’simlik va hayvonot dunyosining o‘zgarishiga, ayrim turlarning yer yuzidan umuman yo‘q bo‘lib ketishiga sababchi bo‘lmoqda. Shunday ekan, hududlardagi o’simliklar, ularga taʼsir ko‘rsatayotgan ekologik omillarni chuqurroq o‘rganishni bugungi zamonning o‘zi taqozo etib turibdi.
O‘rta Zarafshon suv ekotizimlarining ekologik holati va ularda bo‘layotgan o‘zgarish jarayonlari, xususan, suv omborlari, daryolar, kanallar va baliqchilik xo‘jaliklarida yashayotgan gidrobiontlarning tur tarkibiga taʼsir etishi kuzatilmoqda. Shu o‘rinda, O‘rta Zarafshon suv ekotizimlari gidrobiontlari faunasi va ekologiyasini o‘rganish, muhofaza choralarini ishlab chiqish muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan dolzarb masalalardan biri bo’lib turibdi.
Shu masalalardan kelib chiqqan holda, tadqiqotimning asosiy maqsadi O‘rta Zarafshon suv ekotizimlari gidrobiontlari faunasi va ekologiyasini kompleks o‘rganishdan iborat. Bundan tashqari gidrobiontlar tarkibidagi parazit hamda foydali turlarni chuqur tadqiq etish, noyob, yo‘qolib borayotgan tur areallarini aniqlash, muhofazalash choralarini ishlab chiqish, istiqbolli, iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan turlar populyatsiyalarini miqdor va hudud jihatdan ko‘paytirish yo‘llarini tadqiq etishni ham maqsad qilganmiz.
Zarafshon daryosining turli suv tiplarida gidrobiontlarning sistematik tarkibi, ularning bioekologik xususiyatlari, biotoplararo tarqalishi, ekologiyasi va boshqa muhim tomonlarini to‘liq o‘rganilmaganligini eʼtiborga olgan holda o‘z tadqiqotlarimni 2017-yildan boshladim.
Barcha tadqiqotlarimiz uchun ilmiy materiallar 2017 - 2022 yillarning bahor, yoz va kuz fasllarida Zarafshon daryosi sohilining quyidagi suv tiplaridan: suv omborlari - Kattaqo‘rg‘on, To‘sinsoy, Qoratepa, Qorasuv va Oqdaryo suv omborlari; daryolardan - Zarafshon, Oqdaryo va Qoradaryo; kanallardan - Bulurg‘ur, Darg‘om, Narpay, Siyob, Eskianxon va Tuyatortar kanallari va bir qancha baliqchilik xo‘jaliklarida tarqalgan gidrobiont organizmlar turlar tarkibi va ekologiyasi bo‘yicha o‘rganildi.
Ushbu o‘rganilgan tadqiqot materiallari natijasida hozirgi kunga qadar 3 ta milliy, 3 ta xorijiy jurnallarda va 13 tadan ortiq turli konferetsiyalarda, xususan Scopus bazasida ro‘yxatga olingan 2 jurnalda maqolalar nashr ettirdik.
Hududdagi gidrobiont hayvonlar boshqa oragnizmlar singari o‘zining tabiatdagi ahamiyati jihatidan tabiiy ekologik barqarorlikni saqlashda muhim o‘rin tutadi.
Zuluklar – Annelida tipiga mansub. Ular Hirudinea sinfini tashkil qiluvchi 900 dan ortiq turlarni o‘z ichiga oladigan umurtqasiz hayvonlardir. Hozirgi kunda chuchuk suv havzalarida tarqalgan zuluk turlarining soni 500 ga yaqinni tashkil etadi.
Jumladan, Zuluklarning aksariyati ektoparazitlar bo‘lsa, qolgan qismi tabiiy ekotizimda “yirtqich-o‘lja” ko‘rinishida biotik munosabatlarda qatnashadi. Ektoparazit zuluklar umurtqalilar (sutemizuvchi, qush, toshbaqa, amfibiya, baliq) va umurtqasizlar (mollyuska, oligoxet)ning qoni (gemolimfasi) bilan oziqlanadi. Yirtqich zuluk turlari asosan suv ekotizimidagi hasharotlar lichinkasi, kichik qorinoyoqli mollyuskalari va kam tukli chuvalchanglar bilan oziqlanadi.
Zuluklarning bioindikator xususiyatlaridan foydalanib, suv havzalarining organik ifloslanishini baholash mumkin. Bu o‘z navbatida, hozirgi kunda dolzarb bo‘lib kelayotgan – suvning ifloslanishi muammosini oldini olish, salbiy oqibatlarini yumshatishda qo‘llaniladigan usullarni ishlab chiqishga yordam beruvchi biologik vosita ekanligi bilan ahamiyatlidir. Bundan tashqari chorva hayvonlarining og‘iz-burun bo‘shlig‘ida parazitlik qiluvchi zuluk populyatsiyalarining biotoplari, hayot sikli, ulardan himoyalanishga qaratilgan tavsiyalar asosida iqtisodiy samarani turg‘unlashtirishda qo‘llash mumkinligi jahon miqyosidagi olib borilayogan tadqiqotlarga mosligidan dalolat beradi.
Qisqichbaqalarni O‘rta Zarafshon hududida faqat bitta turi Pontastacus leptodactylus keng tarqalgan bo‘lib, asosiy eng katta biomassasi Kattaqo‘rg‘on suv omborida tarqalgan. Tanasi o‘rtacha 11,4-12,3 sm uzunlikda bo‘ladi. Suv ombori biotoplarida tarqalgan qisqichbaqalar kunduz kunlari inlarida yashirinib, tunda esa faol harakat qiladi va ovqat izlaydi. Ular har xil oziqlanadilar, ko‘pincha o‘limtiklarni, mayda baliqlarni, shuningdek tarkibida ohak moddasi ko‘p bo‘lgan o‘simliklar bilan oziqlanadi. Tanasi xitindan iborat kutikula bilan qoplangan.
Qisqichbaqalar yirtqich hayvon bo‘lib, suv havzalarida xususan baliqchilik xo‘jaliklarida kasallangan baliqlar bilan oziqlanib, kasallik tarqalishini oldini olishi, tabiiy sanitarlar vazifasini bajarib, baliqchilik xo‘jaliklarida iqtisodiy samaradorligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Hududda yashaydigan ikkipallali mollyuskalar daryolar, kanallar, hovuzlar va baliqchilik xo‘jaligi va suv omborlarining 2 – 2, 5 m chuqurligida, ko‘pincha 0, 5 – 1, 5 m, yaʼni yaxshi isiydigan (quyosh nuri tushadigan) qismlarida yashaydi. Ular qanday suv muhitida hayot kechirishiga qarab quyidagi Reofil-oqar suvlarda, Peloreofil-botqoqda, Krenofil- chashma buloqlarida va pelolimnofillar-suv osti balchiqlarida yashaydigan ekologik guruhlarga bo‘linadi. Ikkipallali mollyuskalar suv sifatini aniqlashda indikatorlik vazifasini o‘taydi.
Gidrobiontlarning mavjudligi, tarqalishiga biokimyoviy va geokimyoviy jarayonlar katta taʼsir ko‘rsatadi. O‘rta Zarafon hududidagi gidrobiontlar, xususan, mollyuskalarning morfofiziologik xususiyatlari yaxshi o‘rganilgan bo‘lsa-da, ammo uning tarkibidagi kimyoviy elementlar miqdori hali o‘rganilmagan.
Gidrobiont organizmlarning kimyoviy elementlarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlashda ularning tarkibini biokimyoviy va geokimyoviy qismlarda o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Chunki atrof-muhitda elementlarning kamligi yoki ko‘pligi bilan nafaqat organizmlarning ichki muhitida miqdoriy o‘zgarishlar, balki tashqi muhitida ham o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Shu sababli, turli kasalliklar organizmda elementlarning yetishmasligi yoki ortiqcha bo‘lishi sababli yuzaga keladi. Suv sifatini bioindikatsiya qilishda muhim o‘rin tutadigan mollyuskalarning ham tarkibidagi elementlar miqdorini tadqiq qilish bugungi kunda muhim ilmiy amaliy ahamiyatga ega.
Sulton Suyarov,
SamDU ekologiya va hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi doktoranti.
Ilmiy rahbari – Husniddin Boymurodov, biologiya fanlari doktori, professor.