Ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanib kelayotgan yoshlar bugun jamiyatimizda o‘z o‘rni va ovozi bilan alohida  e’tirofga sazovor bo‘lmoqda. Shu jumladan tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, o‘zi pul topayotgan yoshlar ham. Xo‘sh, bu ikki toifa yoshlardan qay biri jamiyatga ko‘proq foyda keltiradi? Bu savolga kimdir “Albatta, ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan yoshlar” desa, kimdir “Ertangi kun tadbirkorlarning qo‘lida” deyishi mumkin. Ammo talaba, ham ilmiy tadqiqot, ham tadbirkorlikni birga olib borayotgan bo‘lsa-chi?!

    Yulduz Ochilova Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti talabasi.  Joriy yilda poliz ekinlarini parvarishlash, hosildorlik ko‘rsatkichlarini oshirish bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borish maqsadida SamDU botanika bog‘idan yer ijaraga olgan va bodring ekkan. Keyin ushbu o‘ziga ajratilgan joyni biroz kengaytirib, katta maydonda bodring yetishitirishni yo‘lga qo‘ygan. Yulduz shu kunga qadar  yarim tonnadan ortiq hosil olib, aholi iste’moli uchun sifatli va qulay narxdagi bodring yetkazib bermoqda.

    – Ushbu ishimiz tadbirkorlikka bog‘lagan holda ilmiy tadqiqot olib borishning bir ko‘rinishidir, - deydi Yulduz Ochilova. – SamDU botanika bog‘i yerlaridan unumli foydalanish asosiy vazifa sifatida qo‘yilgan bir davrda ushbu tadqiqotimiz ko‘plab e’tiroflarga loyiq ko‘rilmoqda. Parvarishlanayotgan bodring navlaridan shu kungacha 500 kg dan ortiq miqdorda hosil oldik.  Ularni bozor va oziq-ovqat do‘konlariga belgilangan narxda sotish orqali o‘z daromadimni ishlab topdim. Endilikda ustozlarim, botanika kafedrasi mudiri, dotsent Xislat Haydarov va Bo‘ston Islomov rahbarligida bodring hosildorlik ko‘rsatkichlarini yanada oshirish va shu bilan birga archa, qarag‘ay, kashtan kabi manzarali daraxtlarni ko‘paytirish usullarini o‘rganish ustida ham ish olib boryapman.

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.