Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti bugungi kunda dunyoning 190 dan ortiq universitetlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, universitet Ozarbayjonning Baku davlat universiteti bilan ilmiy-amaliy aloqalarni yo’lga qo’ygan.

    2017-yilda SamDU da Ozarbayjon Respublikasining O’zbekistondagi elchixonasi qoshidagi Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazining bevosita yordami bilan Ozarbayjon milliy madaniyat markazi  tashkil qilingan. Markazdagi kitoblar, musiqa asboblari Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi tomonidan taqdim etilgan. Markaz bugungi kunda talabalarga ikki xalq o’rtasidagi qardoshlik aloqalari, Ozarbayjonda ta’lim olish imkoniyatlari haqida ma’lumot berib kelmoqda.

    - O’zbekiston va Ozarbayjon mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining abadiy davom etishiga tilakdoshman, - deydi Ozarbayjon milliy madaniyat markazi Samarqand viloyati bo’limi rahbari, Samarqand davlat universiteti o’qituvchisi Odilbek Mirzayev. – Ikki mamlakat rahbarlarining xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada yaqinlashtirish yo’lida olib borayotgan ishlari tahsinga sazovor. Kecha bo‘lib o‘tgan Haydar Aliyev nomidagi yangilangan ko‘cha va uning yodgorligi ochilish marosimida men ham ishtirok etdim. Urf-odatlari, madaniyati va tili bir-biriga juda yaqin bo‘lgan ikki xalq vakillari yana bir joyga jamlandi. Xalqlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash maqsadida olib borilayotgan amaliy ishlar ta’kidlandi. Haydar Aliyevning Ozarbayjonni yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlari e’tirof etildi. Tadbir juda ham ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

    Universitetimizda ham ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida turli badiiy kechalar, davra suhbatlari va tadbirlar tashkil etiladi. Xususan, yaqinda o‘tkazilgan Nizomiy Ganjaviy tavalludining 880 yilligi buning yorqin isboti, desak mubolag’a bo‘lmaydi.

Otabek Sa’dullayev,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.