Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti magistri Dildora Xushvaqtova “Shahrisabz shahrining manzarali daraxtlari va ularni ko‘paytirish istiqbollari” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Mazkur mavzuga oid bir qator maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan. Ilmiy rahbari botanika kafedrasi dotsenti Shuhrat Hamroqulov.

    –  Bugungi kunda Shahrisabz shahri maydonlari, ko‘cha va bog‘larini yanada ko‘kalamzorlashtirish, atrof-muhitni turli zaharli gazlardan tozalash va insonlarga toza muhitni yaratib berish maqsadida shahar yon-atrofida ekiladigan daraxtlarning bioekologik xususiyatlarini o‘rganish muhim masala hisoblanadi, - deydi Dildora Xushvaqtova. – Shaxsan o‘zim Shahrisabz shahrida yashayman. Shaharning tabitati, iqlimiga xos xususiyatlarni kuzatgan holda ushbu masalaga yangicha yondashub asosida o‘rganishga kirishdim.

    Yashil o‘simliklar atrof-muhitning sanitar-gigiyenik holatini yaxshilaydi, shamol kuchini va shovqinini pasaytiradi, havo tarkibini tozalaydi, haroratni mo‘tadillashtiradi. Ma’lumotlarga qaraganda bir tup daraxt bir kecha-kunduzda uch kishi uchun zarur bo‘lgan kislorod yetkazib berar ekan. Yoz faslining jazirama kunlarida daraxtlar soyasida havo harorati sezilarli darajada past bo‘ladi. Qalin daraxtzorlarda bu farq o‘n darajagacha borishi mumkin. Agar daraxtzorlar orasidan ariqlar oqib o‘tgan bo‘lsa, suv miqdori o‘simlik dunyosi bilan uyg‘unlashib atrofda mo‘tadil mikroiqlim hosil qiladi. Ko‘kalamzor hududlar insonning ruhiy holatiga ham ijobiy ta‘sir ko‘rsatadi. Ikki tomoni manzarali daraxtlar bilan qoplangan yo‘llar, xiyobonlar, anhor bo‘ylarida, bahorgi maysazorlar yoki ko‘rkam bog‘larda sayr qilish insonga ruhiy kuch-quvvat beradi. Yashil o‘simliklarning bunday xususiyatlari ayniqsa yomg‘irli kunlarda yanada yuqori bo‘ladi.

    Shahrisabz iqlimi issiq va quruq bo‘lganligi sababli, yashil o‘simliklarning bioekologik xususiyatlarini o‘rganish va ularni ko‘paytirish yo‘llarini ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi. Shahar sharoitida manzarali daraxtlarni vegetativ (qalamchalar) yo‘l bilan ko‘paytirganimizda arg‘uvon daraxtining unuvchanlik yuqoriroq ekanligi aniqlandi. Qolgan manzarali daraxtlarning unuvchanligi nisbatan past ekanligi kuzatildi. Shu sababli shahar hududida ushbu daraxtni keng miqyosda ko‘paytirish tavsiya etiladi.

Iroda Bekmurodova

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.