Samarqand davlat universitetiga Italiya elchisi tashrif buyurdi…

Samarqand davlat universitetiga Italiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Agostino Pinna tashrif buyurdi. Martabali mehmonni Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov qabul qildi.
Tashrifdan asosiy maqsad o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilishdir.
Samarqand davlat universiteti va Italiyaning Boloniya, Piza, Florensiya universitetlari bir necha yillardan buyon hamkorlik qilib kelmoqda. SamDU arxeologiya kafedrasi va Boloniya universiteti professor-o‘qituvchilari o‘rtasida kadrlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Uchrashuv davomida SamDU rektori Rustam Xolmurodov turli yo‘nalishlar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlashda Italiyadagi nufuzli universitetlar mutaxassislarini jalb qilish taklifini bildirdi. Ayniqsa, agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi hamda SamDU Botanika bog‘ini yanada rivojlantirish borasida xorijiy tajriba muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, Italiya va O’zbekiston munosabatlari, taʼlim tizimi, madaniyati va arxitekturasiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazmani SamDU da tashkil qilish bo‘yicha fikr almashildi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.