Samarqand davlat universitetida “Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik” xalqaro konferensiyasi o‘tkazildi…

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetida atoqli adabiyotshunos olim Abdusalom Samadov xotirasiga bag‘ishlangan “Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Mazkur konferensiya Samarqand davlat universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Tojik milliy-madaniy markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi “Turon” Fanlar Akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, unda o‘zbek va tojik xalqlari ilmiy jamoatchiligi, professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Tadbirni Samarqand davlat universiteti boshlang’ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi, professor Shavkat Mahmatmurodov ochdi. Shundan so‘ng, SamDU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori professor Ahmadjon Soliyev, Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshid Ochilov, Tojikiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzodalar so‘zga chiqib Abdusalom Samadovning ilmiy-pedagogik faoliyati, qardosh xalqlar adabiyotini o‘rganishda tutgan o‘rni haqida ma’ruza qildi.
– O‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar chuqur ildizga ega, - deydi Tojikistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda. - Bugungi anjuman abadiy do‘stligimizning o‘ziga xos katta bir adabiy tarmog‘iga asos solgan arbob Abdusalom Samadov xotirasiga bag‘ishlanishi bejiz emas. Xalqlar o‘rtasidagi adabiy do‘stlik munosabatlari ma’naviy ko‘prik sifatida millati, tili, joylashgan hududidan qat’i nazar, xalqlarimizni bir-biri bilan yaqinlashtiradi va do‘stona aloqalarni mustahkamlaydi. Konfernsiyaning “Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik” deya nomlanishiga ham sabab shu aslida.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.