Samarqand davlat universiteti talabasi Abbosbek Ravshanov: “Shashka xuddi hayotga o‘xshaydi – har bir dona omon qolish uchun kurashadi...”

Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakulteti talabasi Abbosbek Ravshanov 11 yildan beri shashka sporti bilan shug‘ullanadi. U bugunga qadar 2 karra Jahon va Osiyo chempioni bo‘lishga ulgargan.
Abbosbek rus tilida erkin so‘zlasha oladi. Shashka sport turi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi.
- Biz o‘qigan maktabda ko‘plab shashka bo‘yicha chempionlar yetishib chiqqan. Bu xabarni eshitgach, men ham shashkaga qiziqa boshlaganman, - deydi Abbosbek Ravshanov. - Murabbiyim Amrillo Abdullaev menga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, necha yillardan beri ustozlik qilib keladilar.
Faoliyatim davomida Toshkentda o‘tkazilgan Jahon kubogida Rossiyalik raqibim bilan o‘yinimiz eng qiziqarlisi sifatida yodimda qolgan. O‘shanda partiya 5 soat davom etgandi. Kulgulisi, biz durang qayd etganmiz. O‘sha o‘yindan keyin o‘z ustimda kuchliroq ishlashim kerakligini, asosan, taktik yurishlarni kuchaytirish shashkada ustunlik berishini tushunib yetganman.
Ustozlarimizning yordami bilan xalqaro darajadagi grossmeysterlar tez-tez muloqotda bo‘lib, ular bilan partiyalar o‘ynab turamiz. Oxirgi marta Andrey Valyuk, Dmitriy Melnikovlar bilan masterklass o‘tdik. Men ulardan ham yaxshi narsalar o‘rganaman. Umuman olganda, har bir o‘yin bu dars. Shashka xuddi hayotga o‘xshaydi - har bir dona omon qolish uchun kurashadi.
Inson muvaffaqiyatga erishishi uchun undan ko‘p narsa talab qilinmaydi. Muvaffaqiyatli insonlar bu – dangasaligini yenga olgan insonlardir. Xudo hammamizni takrorlanmas bir iste’dod bilan yaratadi. O‘z ustida ishlab, mehnat qilgan insongina uni yuzaga chiqara oladi.
Men Samarqand davlat universiteti talabasi ekanligimdan faxrlanaman. Chunki menga mashg‘ulotlarda erkin shug‘ullanishim uchun universitetimizda barcha imkoniyat va sharoitlar mavjud.
Ma’lumot uchun Abbosjon Ravshanov ayni kunlarda sentabrda Qirg‘izistonda o‘tkaziladigan Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shuning bilan birga u Samarqand shahar 2-sonli bolalar va o‘smirlar sport maktabida trener-o‘qituvchi sifatida faoliyat olib boradi.
Otabek Sa’dullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.