Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakultetida Italiyaning Bolonya universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Yozgi maktab” loyihasi doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Davra suhbatini fakultet dekani, dotsent Toshpo‘lot Rajabov kirish so‘z bilan ochdi.

    Tadbirda Bolonya universiteti professori Moreno Toselli Italiya ta’lim tizimi, agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida amalga oshirilayotgan yangiliklar, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha Italiya tajribasi haqida o‘z fikr mulohazalarini bildirdi. Italiyalik professorning ta’kidlashicha, Samarqand va Bolonya bitta iqlim mintaqasida joylashgan va bu ikki universitetning qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorligi maqsadli va manfaatli bo‘lishiga xizmat qiladi.

    - Universitetlarimiz hamkorligida tashkil etilgan yozgi maktab loyihasi doirasida biz Samarqandda bo‘lib turibmiz, - deydi Bolonya universiteti professori Diana Dijoyya. – Samarqand davlat universiteti oxirgi 5 yilda juda ham tez rivojlanganini ko‘rish mumkin. Asosiy maqsadimiz agrobiotexnologiya sohasini rivojlantirish bo‘lganligi sababli shu sohaning yangi maktabi Samarqandda yaratilayotganiga guvoh bo‘ldim. Bu yo‘nalish hozirgi kunda dunyo bo‘yicha dolzarb. O‘ylaymanki, hamkorligimiz doirasida hali yana ko‘plab loyihalarni amalga oshiramiz.

    - Samarqand menda juda ajoyib taassurot qoldirdi, - deydi Bolonya universiteti doktoranti Zuffi Veronika. – Qadimiy ilm maskani hisoblangan ushbu shaharda hozirgi kunda ham fanlarning rivojlanishiga berilayotgan e’tibor ko‘rib, quvonasan kishi. Ayniqsa, Samarqand davlat universitetining agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi, arxeologiya yo‘nalishida tahsil oluvchi talabalar muloqot qilish menga alohida zavq bag‘ishladi. Ularning bilim olishga va chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan xohishi judayam kuchli.

    Ma’lumot uchun, Samarqand davlat universiteti va Bolonya universiteti o‘zaro hamkorlik doirasida xalqaro meva-uzumchilik mutaxassisligi bo‘yicha magistratura qo‘shma ta’lim dasturini ochishni rejalashtirmoqda.

    Shuningdek, mazkur maktab doirasida Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalarining Italiyaning Bolonya universitetiga tashrifi kutilmoqda.

Otabek Sa’dullayev,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.