“Ayol, avvalo, o‘ziga suyanishi kerak…”

Samarqand davlat universiteti ekologiya va hayot faoliyati kafedrasi o‘qituvchisi, texnika fanlari nomzodi Gulmira Keldiyorova bilan suhbat
Gulmira Keldiyorova respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan 80 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi. 5 ta maqolasi Scopus bazasida indekslangan jurnallarda e’lon qilingan. Shu kungacha ilmiy faoliyati davomida 3 ta patent, 1 ta xalqaro va 1 ta mahalliy grant sohibi bo‘lgan. 21 yoshida Bolgariyada bo‘lib o‘tgan xalqaro tanlovning “Eng faol yosh rahbar” nominatsiyasida e’tirof etilgan. 2018-yilda Rossiya Federasiyasining Penza shahridagi xalqaro ilmiy hamkorlik markazi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Yil talabasi” xalqaro tanlovida, 2019-yilda esa “Yil tadqiqotchisi-2019” xalqaro tanlovida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. 2020-yilda Rossiyada tashkil etilgan “Yilning eng yaxshi ilmiy tadqiqot ishi” xalqaro tanlovida g‘olib bo‘lgan.
-Ilm sohasini tanlashingizga asosiy sabab nima va hozirgi kunda qaysi mavzuda ilmiy faoliyat olib boryapsiz?
- Institutda o‘qib yurganimda bizga dars bergan ayol o‘qituvchilarga juda-juda havasim kelardi. Hamisha ularday bo‘lishga harakat qilardim. Yillar o‘tgan sari menda ham olima bo‘lish orzusi uyg‘ondi. Aynan ekologiya sohasini tanlashimga sabab esa alohida mavzu. Biz yashaydigan joyda ishlab chiqarish korxonalari juda ko‘p. Ulardan chiqayotgan chang va zaharli moddalar aholiga ta’sir qilmasdan qolmaydi. Oxirgi besh yil ichida mahallamizda allergik kasalliklar nihoyatda ko‘paydi. Shunda menda ishlab chiqarish korxonalarida hosil bo‘layotgan zararli moddalar ta’sirini ilmiy jihatdano‘rganish, changlarning ta’sirini kamaytirishning yangi usullarini yaratish fikri tug‘ildi. Keyin Samarqand davlat universitetining geografiya ekologiya fakulteti doktoranturasiga o‘qishga topshirdim. Ilmiy ishimda qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalaridan hosil bo‘layotgan zararli moddalarning atrof-muhitga ta’sirini o‘rgandim va chang ta’sirini kamaytirish uskunalarini yaratish va uni sanoat ishlab chiqarish sohalariga jalb qilish bo‘yicha innovatsion loyiha ishlab chiqdim. Mazkur uskunani tajriba tariqasida korxonalarda sinab ko‘rganimizda tozalash samaradorligi 85 foizdan 98 foizgacha natija ko‘rsatdi. O‘rganishlarim jarayonida shunga guvoh bo‘ldimki, bugungi kunda ishlab chiqarish zavodlarida foydalanilayotgan chang tozalash moslamalari faqat changsimon moddalarni tozalash xususiyatiga ega bo‘lsa, bizning uskunamiz ham changsimon, ham gazsimon zararli moddalarni tozalash xususiyati bilan ulardan ustunlikka ega. Mazkur innovatsion loyiha bilan 2020-yilda O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi respublika tanlovining mutlaq g‘olibi bo‘ldim. Yaqinda ushbu loyihaga patent oldik. Endilikda uni ishlab chiqarish korxonalariga jalb qilish harakatidamiz.
- Shu kungacha jamiyatdagi o‘rningizni topa oldingizmi?
- Faxr bilan aytishim mumkin, o‘rnimni topa oldim. Bugun men tanlagan yo‘nalish, yoqlagan ilmiy ishim jahon olimlarida ham qiziqish uyg‘otmoqda.
- Ayol kishiga hayotda o‘z o‘rnini topa olishi uchun kerak bo‘lgan uchta asosiy omil?
-Birinchi o‘rinda ishga, oilaga, uy yumushlariga baravar ulgura olish kerak. Ikkinchisi hamma bilan kelisha olish, ya’ni murosasozlik. Uchinchisi tinmay izlanishda bo‘lish.
- Farzand tarbiyasi masalasida asosiy mas’uliyat onaning zimmasida bo‘ladi. Bu borada o‘zingizni qanday ona deb bilasiz?
-Hamisha yaxshi ona bo‘lish harakatidaman. Ammo xursand bo‘ladigan tomonim men erishgan natijalar, ilmda erishgan yutuqlarim ularga juda yaxshi o‘rnak bo‘lyapti. Ular ham kelajakda olima bo‘lmoqchiligini aytganda, men juda xursand bo‘laman. Aslida bola tarbiyasining o‘zi eng katta ilmiy ish.
- Shu kungacha hayotdan izlaganlaringizning hammasini topa oldingizmi?
-Hozircha yo‘q. Hamon izlanyapman.
- Siz uchun nima qo‘rqinchli?
-Oilamni yo‘qotishdan qo‘rqaman.
- Armoningiz bormi?
-Armonim bor edi. Ammo hozir ushalgan. Men bakalavr va magistratura bosqichini arxitektura va qurilish institutida o‘qiganman. O‘sha paytlarda men uchun SamDUda o‘qish armon edi. Samarqand davlat universitetining yonidan o‘tib qolsam, ko‘nglimdan “Shu joyda o‘qish nasib qilmadi” degan o‘ksinish o‘tardi. Ammo, mana niyatim xolis ekan, doktoranturani SamDU da o‘qish va bu dargohda ishlash nasib qildi.
-Oxirgi marta qachon yig‘ladingiz?
-Kecha. Onamni sog‘inib, ko‘rgim kelib, ko‘zlarimga yosh oldim.
-Ilmiy ish, oila va undan ortib onani yo‘qlash. Bu jarayon qanday bo‘ladi sizda?
-Oilada bitta qizman. Shuning uchun ota-onamni tez-tez yo‘qlashga harakat qilaman. Ular ham bunga o‘rganib qolishgan. Sal kechiksam, o‘zlari chaqirib olishadi.
- Ayolni nima cheklaydi?
- Tushunmaslik va unga nisbatan ishonchsizlik.
- Ilm-fan yo‘lidan ketish umidida bo‘lgan xotin-qizlarga, yosh ayol tadqiqotchilarga qanday maslahat va tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?
-Bugungi kunda har qanday sohada xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar yaratish asosiy masala sifatida ko‘tarilmoqda. Bu imkoniyatlardan oqilona foydalanish, jamiyatdagi o‘zgarishlarga befarq bo‘lmaslik kerak. Nima bo‘lishidan qat’i nazar maqsad sari harakatdan to‘xtatmaslik, atrofdagilarning gap-so‘zlariga e’tibor bermaslik muhim. Ayol, avvalo, o‘ziga suyanishi, o‘z bilimi va kuchiga ishonishi kerak. Ana shunda u eng yuksak cho‘qqilarni zabt eta oladi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova suhbatlashdi.
Shavkat Akramov olgan surat.