Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida qomusiy olim To’raqul Zehniy tavalludining 130 yilligiga bag’ishlangan “To‘raqul Zehniy va tojik tili, adabiyoti hamda madaniyati masalalari” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

    Tadbirda Samarqand viloyati hokimi o’rinbosari Xurshid Ochilov, Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov, Tojikiston Fanlar Akademiyasi vitse-prezidenti Muhammad Abdurahmon Navro’z, Tojikiston Ta’lim Akademiyasi prezidenti Salomiyon Muhammaddovud, Tojikiston Ilm va fan akademiyasi Abuabdulloh Rudakiy nomidagi til va adabiyot instituti direktori Boymurod Sharifzoda va ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirni Samarqand viloyati hokimi o’rinbosari Xurshid Ochilov kirish so’z bilan ochib, ishtirokchilarga omad tiladi.

    Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov O’zbekiston-Tojikiston o’rtasidagi hamkorlik aloqalarining yangi bosqichga ko’tarilganini, ikki qardosh xalq do’stona munosabatlarining istiqboli sifatida ushbu konferensiya o’tkazilayotganini ta’kidladi.

    - Samarqand Markaziy Osiyoning qadimiy ilm, ma’rifat va ma’naviyat maskanidir, - deydi Tojikiston Fanlar Akademiyasi vitse-prezidenti Muhammad Abdurahmon Navro’z. – Bugungi o’tkazilgan konferensiyada qomusiy olim To’raqul Zehniy ilmiy-adabiy merosini o’rganish, uni yoshlar orasida targ’ib qilish kabi bir qator masalalar muhokama etildi. Shuningdek, biz Samarqand davlat universiteti bilan keyingi yillarda talabalar va tadqiqotchilar almashinuvini yo’lga qo’yish uchun kelishib oldik.

    Tadbirda so’z olgan ishtirokchilar “To’raqul Zehniy va tojik tilshunosligining XX asr boshlari muammolari”, “To’raqul Zehniyning badiiy san’atlar tadqiqidagi o’rni”, “Qalb va ko’z chirog’i” kabi mavzularda ma’ruza qildi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.

Shavkat Akramov olgan suratlar.