Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining 4 nafar bitiruvchisi Tojikiston Fanlar Akademiyasining akademigi bo‘lgan. Ularning ikki nafari Tojikiston Fanlar Akademiyasi prezidenti etib saylangan. Quyida ular bilan batafsil tanishishingiz mumkin.

    Sulton Umarov – 1908-yil 24-avgustda hozirgi Xo‘jand shahrida tug‘ilgan. Yoshligida otasidan erta ajralib qolganligi tufayli Samarqandga kelib ta’lim oladi. 1927-yilda Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kirib, uni muvaffaqiyatli tamomlaydi. So‘ngra assistent, dotsent lavozimlarida faoliyat yuritadi.  Universitetda olgan bilimi va ustozlarining tavsiyasi bilan Sankt-Peterburg universitetiga aspiranturaga kiradi. Nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, o‘z faoliyatini yana Samarqand davlat universitetida davom ettiradi. 1943-yilda Toshkentda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi ta’sis etiladi. Sulton Umarov tarixga fizika yo‘nalishi bo‘yicha birinchi akademik etib muhrlanadi. 1954-yilda Tojikiston Fanlar Akademiyasining prezidenti Sadriddin Ayniy vafot etgandan so‘ng, Sulton Umarov Tojikiston rahbarlarining taklifiga ko‘ra, Dushanbega taklif etiladiyu 1957-yildan boshlab, to umrining oxirigacha Tojikiston Fanlar Akademiyasi prezidenti vazifasida faoliyat yuritadi.

    Sulton Umarov umri davomida 170 dan ortiq asar yozdi. Ularning 29 tasi fizikaga, 12 tasi fan tarixiga, ikkitasi tabiatshunoslik falsafasiga bag‘ishlangan, qolganlari ilmiy-ommabop asarlardir.

   

    Muhammad Osimiy (Asimov) – 1920-yil, 25-avgustda Xo‘jand shahrida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatib, Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kiradi va 1941-yilda uni tamomlaydi. Ikkinchi Jahon urushidan qaytgach, Xo‘jand pedagogika institutida o‘z faoliyatini davom ettiradi. 1956-yilda Tojikiston davlat politexnika instituti tashkil etiladi va uning birinchi rektori etib, Muhammad Osimiy tayinlandi. 1962-yilda u Tojikiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri etib tayinlanadi. Oradan biroz vaqt o‘tib, Muhammad Osimiy Tojikiston Fanlar Akademiyasining prezidenti etib tayinlandi.

    Akademik Muhammad Osimiy Fanlar Akademiyasiga 23 yil prezidentlik qiladi va bu vaqt davomida ilm-fan rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shadi. Olim vafotidan so‘ng, uning nomini abadiylashtirish maqsadida Dushanbe texnika universitetiga Muhammad Osimiy nomi beriladi.

    Akobir Adhamov – 1928-yil, 4 sentabr kuni Samarqand shahrida tug‘ilgan. 22 sonli o‘rta maktabni tugatib, Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kiradi va uni 1949-yilda tamomlaydi. 1950-yilda Moskva davlat universiteti aspiranturasiga o‘qishga kiradi. Nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgandan so‘ng, Dushanbedagi Tojikiston davlat universitetida o‘z faoliyatini davom ettiradi. Olim 1968-yilda Tojikiston Fanlar Akademiyasining a’zosi etib saylanadi. Shuningdek, u Tojikiston Fanlar Akademiyasining fizika-matematika, kimyo, geologiya fanlari bo‘limining akademik-kotibi lavozimida samarali faoliyat olib boradi.

   

    Isroil Ismoilov – 1939-yil 27-oktabrda Samrqand shahrida tug‘ilgan. 1957 yilda Samarqanddagi 6 sonli o‘rta maktabni bitirib, Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kiradi va uni 1962-yilda tamomlaydi. 1965-yildan Tojikiston Fanlar Akademiyasi qoshidagi Sulton Umarov nomidagi Fizika-texnika universitetida ishlay boshladi. Olim 1968-yilda “Radiofizika” ixtisosligi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini yoqlaydi. Isroil Ismoilov faoliyati davomida 4 monografiya, 170 dan ortiq ilmiy monografiyalarga mualliflik qilgan. Isroil Ismoilov 1993-yilda Tojikiston Fanlar Akademiyasining akademigi, 1996 yilda Tojikiston Respublikasi fan arbobi unvoniga sazovor bo‘lgan.

 

N.Nizomov, E.N.Kurtaliev, U.R.Arzibekovlarning

“Samarqandda kamol topgan fizik-akademiklar”

kitobi asosida tayyorlandi.