Samarqand davlat universiteti talabasi, dzyudo bo‘yicha Osiyo kubogi sovrindori, ikki karra O‘zbekiston chempioni, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi  Isroil Norboyev yaqinda Dubay shahrida dzyudo bo‘yicha bo‘lib o‘tgan milliy terma jamoalar o‘rtasidagi musoboqada oltin medalni qo‘lga kiritdi.

    Biz Isroil Norboyevning musobaqa haqidagi fikrlari, kelgusidagi rejalari bilan qiziqdik.

    - Musobaqadan olgan taassurotlaringiz qanday?

    - Musobaqa juda yaxshi o‘tdi. Biz jamoa bilan birdamlikda harakat qilib, doim bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab turdik va yakunda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdik. Albatta, bunda murabbiylarimizning o‘rni katta.

    - Vatanimiz madhiyasi yangrayotganda nimalarni his qildingiz?

    - Avvalo, ko‘z oldimga ota-onam keladi. Vatan bu oiladan boshlanadi, deb bejizga aytishmaganligi rost ekan, deb o‘ylayman shunda. Bilasizmi, bu vaqt kishida hayajon, faxr, iftixor, quvonch - hammasi birlashib ketadigan payt bo‘ladi. Buni so‘z bilan tasvirlab berish qiyin.

    - Sportga qanday qilib kirib kelgansiz?

    - Dadam fermerlik bilan shug‘ullanadi. Bir kuni biz bozorga chorva mollarini sotgani chiqdik. O‘shanda notanish sport murabbiyi dadamga farzandingizni kurashga bering, undan chempion chiqadi, degan ma’noda gapirganini eshitib qolganman. Dadam ham mening sportchi bo‘lishimni juda xohlardilar. Shu voqeadan so‘ng, men sportga ilk qadamimni qo‘yganman.

    - Mashg‘ulotlardan bo‘sh vaqtingizda nimalar bilan shug‘ullanasiz?

    - Bo‘sh vaqtimni yangi usullarni o‘rganishga sarflayman. Mashhur dzyudochilarning kurashini ko‘raman. Kitob o‘qish ham yaxshi ko‘rgan mashg‘ulotlarimdan biri.

    - Oxirgi o‘qigan badiiy kitobingiz qaysi?

    - So‘nggi marta Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarini mutolaa qildim. Bilaman, bu juda mashhur kitob, kinosi ham bor. Lekin men asarni ilk marta o‘qidim. O‘zim uchun ko‘pgina yangi narsalarni o‘rgandim.

    - Muvaffaqiyatga erishish uchun eng avvalo nima qilish kerak?

    - Eng avvalo, ota-ona va ustozlarning roziligi hamda duosini olish kerak. Undan so‘ng, tinimsiz mehnat sizni tarbiyalaydi, jangga tayyorlaydi. Mashg‘ulotda qancha qiyin bo‘lsa, jangda shuncha oson bo‘ladi.

    - Sizning idealingizdagi sportchi kim?

    - Menga Samarqand davlat universiteti bitiruvchisi, “Tokio - 2020” Olimpiada o‘yinlar bronza medali sohibi Davlat Bobonovning kurashlari, uslubi, xarakteri yoqadi. Davlat Bobonov aka sifatida ham bizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turadi.

    - Siz nimadan kuch olasiz?

    - Ota-onamning bildirgan ishonchi men uchun eng katta kuch va ruhlantirish.

    - Kelajakdagi rejalaringiz qanday?

    - Hozir 25 may kuni Termizda o‘tkaziladigan O‘zbekiston kubogiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Xudo xohlasa yaxshi natijalar bilan qaytamiz, degan umiddaman.

    - Tengdoshlaringiz va ukalaringizga qanday dil so‘zlaringiz bor?

    - Eng avvalo, har bir inson o‘z oldiga maqsad qo‘yishi, keyin o‘sha maqsad yo‘lida harakat qilishi kerak. Maqsadga erishish oson bo‘lmaydi, albatta. Lekin tinimsiz va to‘xtovsiz harakat bizning olg‘a siljishimizga xizmat qiladi. Men Samarqand davlat universiteti talabasi ekanligimdan faxrlanaman. Shu dargohga kelganimdan so‘ng, Osiyo chempioni bo‘ldim. O‘zim uchun yangi murabbiylar va do‘stlar orttirdim. Prezidentimiz ham, universitetimiz rektori ham bizga barcha sharoitlarni yaratib bermoqda. Bu imkoniyatlardan unumli foydalanish biz uchun ham qarz, ham farz bo‘ladi. E’tiboringiz uchun rahmat!

 

Otabek Sa’dullayev,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.