Samarqand davlat universiteti kimyo fakulteti doktoranti Hilola Xolmirzayeva “Mahalliy xomashyolardan nanouglerod olish texnologiyasi” mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Uning tadqiqoti mahalliy xomashyolar: o‘rik danagi va yong‘oq po‘stlog‘idan nanouglerod, shu jumladan ko‘mir olish masalasiga qaratilgan. Shu kunga qadar tadqiqotchining ilmiy ish mavzusi yuzasidan 20 ga yaqin maqolalari AQSH, Rossiya, Hindiston, Polsha kabi davlatlarda nashr qilinib, jamoatchilikning e’tibor markazida bo’lib kelmoqda.

    Mahalliy xomashyolardan sanoat uchun zarur moddalar olish texnologiyasi bo‘yicha yozgan 2 ta maqolasi Scopus bazasi nashrlarida chop etilgan. Ilmiy rahbari polimerlar kimyosi va kimyoviy texnologiya kafedrasi mudiri, kimyo fanlari doktori, professor Normurod Fayzullayev.

    – Hozirgi kunda texnika va texnologiyalar, jumladan farmatsevtika, yog‘-moy, kosmetologiya, neft va gazni qayta ishlash sanoati, shuningdek, xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida yuqori samarador ekologik xavfsiz xomashyolarga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda, - deydi tadqiqotchi Hilola Xolmirzayeva. - Bunday talablarga javob beradigan xomashyolar olish, ularning kimyoviy xususiyatlarini aniqlash soha olimlari va tadqiqotchilar oldiga yangicha ilmiy yondashuvlarga asoslangan dolzarb vazifalarni qo‘yadi. Bugungi kunda sanoatda yog‘och ko‘miri gaz va oqova suvlarni tozalash, shuningdek, oziq-ovqat sanoati, tibbiyot va boshqa sohalarda qo‘llaniladi. Shuning uchun faollangan yog‘och ko‘miri olish va uning fizik-texnik xarakteristikalarini oshirish uchun xomashyo bazasini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Tadqiqotim mahalliy xomashyolardan o‘rik danagi va yong‘oq po‘stlog‘idan nanozarracha ko‘rinishida ko‘mir xomashyosi olishga asoslangan.

    Sanoatda yong‘oq va o‘rik danagi po‘stlog‘idan ko‘mir olish fanimiz uchun yangilik. Bu borada odamlarda “po‘stloq” ko‘miri qanday bo‘ladi, uning oddiy ko‘mirdan qanday afzallik va farqlari bor, degan savollar tug‘ilishi tabiiy.

    O‘rik danagidan olingan faol ko‘mir mikrog‘ovakli tuzilishga ega bo‘lsa, yong‘oq po‘chog‘idan olingan ko‘mir makrog‘ovakliligi bilan ajralib turadi. Ko‘mir tarkibida po‘stloq ulushining ko‘payishi bilan g‘ovaklar hajmlari ortib borgani sari uning faolligi ham oshib boradi. Faollashtirilgan ko‘mirlar suvni neft mahsulotlaridan tozalash uchun ishlatilganda suvni zararsizlantirish va filtrlash qobiliyati aniqlangan. Danak va yong‘oq po‘stlog‘idan olingan nanouglerod ya’ni ko‘mirdan sanoatda katalizator sifatida foydalanish mumkin. O‘zbekistonda katalizator modda olish va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari past. Shu boisdan bugungi kunda yurtimizdagi sanoat korxonalari va kimyo zavodlariga katalizator moddalar chet mamlakatlardan keltiriladi. Katalizator funksiyasiga ega bo‘lgan moddalar olish shu jihatdan ham katta ahamiyatga ega. Tadqiqotchi ushbu mavzu bo‘yicha “Sho‘rtan gaz kimyo” zavodi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Unga ko‘ra olingan nanouglerodlar katalizator sifatida gaz ajratib olish jarayoniga yo‘naltiriladi. Qolaversa, “po‘stloq” ko‘miridan ichimlik suvini tozalash va zararsizlantirishda ham foydalansa bo‘ladi. Tadqiqotning keyingi yo‘nalishlari aynan ushbu masalalarga qaratilishi belgilangan.

Iroda Bekmurodova,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.