Maxsus Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati uchun

    Diqqat yangi rukn: Qalb va qalam

    Taniqli ijodkor, el ardog‘idagi shoir,O‘zbekiston adabiyoti va san’ati gazetasi bosh muharriri, “Yashil giyoh”, “Atirgul”, “Siz ertaga kelasiz”, “Kechikkan tong” “Atalgan kunlar” “Darz” kabi kitoblar muallifi Salim Ashur “Qalb va qalam” loyihasining navbatdagi mehmoni.

    Suhbatdoshimiz she’r va shoirlik, ilohiy iste’dod jilvalari haqida samimiy dil so‘zlari bilan o‘rtoqlashdi.

    - Bugun ijodingizda  yangiliklar bormi? She’riyat ixlosmandlariga qaysi asarlaringizni tuhfa qilish niyatidasiz?

    -Ayni paytda “Mangu el” kitobim nashr etilish arafasida. Maktab payti, o‘quvchilik davrim, sinfdoshlarim, ustozlarimni eslab “Diydor darsi” deb nomlangan she’riy to‘plam tayyorladim. Ushbu turkumdan bir shingilni “Sharq yulduzi” jurnali 5-sonida chop etishni mo‘ljallagan. Yana latish shoiri Oyar Vatsietisdan tarjimalar qilyapman. Ularni matbuotda e’lon qilish rejamda bor.

    -She’r nima?

    -She’r – shoir qalbning borliq bilan, iloh bilan muomala yo‘li, munosabat vositasi. Uning shakli, usul va uslublari cheksiz. Faqat ularni topish, kashf etish kerak. She’r – qalb o‘chog‘ida pishgan ishq mahsuli, ishqdan asar. 

    - Sizningcha, ilhom ilohiymi, shoirlik-chi?

    -Ilhomda ham, shoirlikda ham ilohiylik bor. She’r yozilayotganda shoir she’rni emas, she’r shoirni yetaklab ketadi. Shoir ikki kuch – Iloh va she’r o‘rtasida vositachiga aylanadi, xolos. Shoir – dunyoni iztirob orqali anglaydi. Shu o‘rinda she’r o‘qib bermoqchiman:

    Shoir yodida hayqiradi she’r:

    sag‘ir va yag‘ir hayotni,

    iztirob va uqubatni,

    orzular va armonlarni,

    yuragini,

    muhabbatini,

    xotirasini

    yoddan o‘qiydi,

    shu bois so‘zidan adashmaydi,

    so‘zini yo‘qotmaydi

    shoir.

    Bolalik tilga kiradi,

    tilga kiradi yoshlik.

    E’tiqod so‘z oladi,

    hayqiradi Kurash.

    Shoirlarni otgan o‘qlar,

    shoirlarni kesgan qilichlar,

    shoirlarni osgan dorlar,

    tarix oldida,

vijdon oldida

duduqlanadi.

Shoir She’r o‘qiydi.

So‘zdan adashmaydi.

So‘zni yo‘qotmaydi.

Shoir o‘qigan kitoblar,

kitoblarga darjlangan maslak va matlab,

shoir yuragini ilitgan oftob,

shoirning qonini qizdirgan sharob,

tiriklik qafasida mahkum hayot,

hayot qafasida mahkum tiriklik,

o‘qqa, qilichga, dorga undagan xitoblar,

she’r o‘qiydi.

Ularga qarshi shoir jonini tikkan Vatan,

shoirni qurbon qilgan xalq,

hayqiradi – she’r o‘qiydi:

Voznesenskiy,

Yevtushenko,

Bella Axmadulina,

O‘ljas Sulaymon,

Usmon Azim... bo‘lib.

 Aldoq, sotqinlik, xiyonat,

yovuzlik va riyo

she’rning tiliga tushmaydi.

Shoir yuragida oshufta bulbullar,

jilg‘a va soylar,

shoir osmonidan o‘tgan oylar,

she’r bo‘lib chuldiraydi, chug‘urlaydi.

Irg‘ishlab o‘ynagan qo‘zilar, toylar,

zaminga botib ketgan qishloqlar,

qal’alar, saroylar, mamlakatlar

she’r bo‘lib oqadi bo‘g‘izdan.

Oshiq va ma’shuq

she’r o‘qiydi,

qushlar sayraydi –

eng qadim so‘zlarning aks-sadolari.

Qismat va xotira

so‘zdan ham, yo‘ldan ham adashmaydi sira.

Daryo va o‘rmonlarni,

dengiz va okeanlarni,

osmon va yulduzlarni,

she’r harakatga keltirmoqda,

to‘ldirmoqda.

Butun borliq she’rga aylanadi.

Shoir o‘qimaydi she’rni...

She’r o‘qimoqda shoirni...

    Shoir – hayotning qo‘shig‘i, u she’r yozayotganida ham, yozmagan paytida ham jaranglab turishi kerak.

    - Salim Ashurni shoir qilgan omillar?

    - Hayot, bolalik, sog‘inch va muhabbat. Bolaligim tabiat bilan hamnafaslikda kechgan. Qishloqda katta bo‘lganmiz. Menga o‘xshagan odamlar uchun Vatan – qishloq hayotidan, xalq – ota-onadan boshlangan. Dunyoning yaxshi odamlari safiga qo‘shilishga intilganmiz. Shuning uchun kitoblar o‘qiganmiz. Ba’zida she’r   yozganmiz. Tun-kechalarni bedor o‘tkazgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Menimcha, inson baxtli, baxtsiz onlarida hayotni sevsa, hayotning quvonch va iztiroblarini qalbidan o‘tkazsa, ko‘nglida hasrat bo‘lsa, she’r yozmasa ham, shoir bo‘ladi.   

    - Birinchi she’ringiz qanday mavzuda bo‘lgan?

    -Matbuotda e’lon qilingan birinchi she’rim: 7-sinfda edim, tuman gazetasida “Qushcha qo‘shig‘i” sarlavhali mashqim bosilgan. Keyingi sinflarda o‘qiyotganimda shu gazetada bir qancha she’rlarim, novellalarim, hikoyalarim chiqqan. Ular, albatta, oddiy mashqlar edi. Qalam mashqlarda charxlanadi.

    Ruxsat bersangiz, fursatdan foydalanib tumanimizning o‘sha paytdagi gazetasi va uning jamoasiga samimiy tashakkurimni izhor etaman.

    - Har bir ijodkorning o‘z qalam charxi bo‘ladi, deyishadi. Sizning qalamingizni charxlagan charx nima?

    - Inson boshidan o‘tkazgan kunlar, ko‘ngil kechinmalari va ijodiy mehnat charxlaydi. She’r bilan, umuman adabiyot bilan yo‘l-yo‘lakay, bo‘sh paytlarda, “ishdan keyin...” shug‘ullanibbo‘lmaydi. Adabiyot, ijod to‘la fidoyilikni talab qiladi. Agar shunday bo‘lmasa, natija ham shunga yarasha - o‘rtamiyona bo‘ladi. Men qalamni qalb qiynog‘i charxlaydi, deb o‘ylayman.

    -Ko‘pgina she’rlaringizda yorga nisbatan “siz” deb murojaat qilasiz. Bunga sabab nima?

    -Qofiya uchun bo‘lsa kerak-da... Meningcha, muhimi “sen” yoki “siz”da emas, murojaatning samimiyatida.

    -Ko‘p qalblardan joy olgan “Yurak tovushi” she’ringizning yaratilish tarixi haqida so‘zlab bersangiz?

    -Kunlardan bir kuni tasavvurga berildim: Agar kishining yaxshi do‘sti bo‘lsa-yu, u qaytmas bo‘lib uzoq yurtlarga ketib qolsa, uni o‘ylab, eslab qanday she’r yozish mumkin? Va shu she’r yozildi.

    -Shoir Salim Ashur hayotda va ijodda o‘z o‘rnini topdimi?

    -U hayotda, ijodda o‘rin qidirmaydi. Shunchaki yashaydi...   

    - Nasrda ham qalam tebratib turasiz. Bunga nima sabab bo‘ladi? She’r ijodkor aytmoqchi bo‘lganlarini yozishga torlik qiladimi?

    -She’r torlik qilmaydi. Bunga yozilgan dostonlar, she’riy romanlarni misol qilib keltirish mumkin. Faqat ayrim mavzular o‘zi nasrda oqib keladi. Faqat uni bus-butun holda tutib qolish kerak.    

    - Shoir sifatida o‘zbek shoirlaridan kimlarning ijodini kuzatib borasiz?

    -Umuman, adabiyotni kuzataman. Tabiiyki, to‘la qamrashning iloji yo‘q. Yangi kitoblarni o‘qiyman. Ba’zan eski kitoblarni qayta o‘qiyman. Mumtoz adabiyotimizni takror-takror o‘qish kerak, deb o‘ylayman. Tengdoshlarimiz, ustozlarimiz, ukalarimizning yaxshi she’rlarini o‘qisam hayajonlanaman. Jahon adabiyoti – ummon. Ungayam sho‘ng‘ib turish kerak.

    - Bugungi zamon odamlarining adabiyotga munosabati sizni qoniqtiradimi?

    -Odamlar hamma narsani ham o‘zlariga keragicha oladilar, undan ortig‘ini olmaydilar...

    - Kelajak adabiyoti, she’riyatini qanday tasavvur qilasiz? Unda bugungi yosh shoirlardan kimlarni ko‘rasiz?

    -Kelajak adabiyoti sun’iylik va soxtalikdan, maddohlik va yolg‘ondan qutilib boradi. Buning uchun hayotning o‘zi bu narsalardan qutilishi kerak. Adabiyot hayotga ta’lim beradi.

    - Bugungi Salim Ashur hayotda va adabiyotda o‘z o‘rnini to‘la-to‘kis topa oldimi?

    -U hayotda ham, ijodda ham o‘z o‘rnini qidiradi. Topadimi, topmaydimi, bir narsa deyish mushkul.

    - Hayotda nimadan qo‘rqasiz?

    -Ochlikdan, yolg‘izlikdan, omadsizlikdan qo‘rqaman...

    - Ochlikdan?.. Meningcha, bu uch holat ham sizni chetlab o‘tadi?

    -Chetlab o‘tmagan, shuning uchun qo‘rqaman. Meningcha, hamma ham hayotda bu uch holat bilan yuzma-yuz bo‘ladi.  O‘z ma’nosida ham, ko‘chma ma’noda ham shu narsalardan qo‘rqaman. Xalqimizda “ko‘zi och” degan ibora bor. Ana shunday ko‘zi ochlardan, qalbi ochlardan, ruhi ochlardan qo‘rqaman. Yon-atrof to‘la odam, lekin ular orasida yolg‘izlanib qolishdan qo‘rqaman. Omad esa... Ulug‘ shoir Abdulla Oripovning shunday hikmatli satrlari bor:

    Omad deganlari dunyoda bor gap,

    Bu yerda har qanday xurofot bekor...

    Omaddan mosuvo qilmasin. Parvardigor mehribon bo‘lmasa, bandasining urinishlari behuda ketaveradi yoki samarasi kam bo‘ladi.

    - O‘tgan umringizni so‘zlarda tasvirlash kerak bo‘lsa, qanday janrdagi asar yaralgan bo‘lardi?

    -Chamamda, bolalik, o‘smirlik – sochma, ertak; yoshlik – sarbast, drama; keyingi davr – roman, doston...

    -Yakuni qanday bo‘ladi?

    -Yakuni she’r bo‘lgani qiziqroq...

    -Yurtimizning har bir viloyatida o‘ziga xos adabiy muhit mavjud. Siz Samarqand adabiy muhiti haqida nimalar deya olasiz?

    -Samarqand “ro‘yi zamin sayqali”, yurtimizning ko‘hna poytaxti, buyuk tarixga ega jahonshumul shon-shuhratga ega shahar. Samarqand davlat universiteti –  mamlakatimizdagi eng birinchi oliy o‘quv yurtlaridan. U O‘zbekistonda ilmiy-ijodiy sohalarning rivoji uchun mustahkam poydevor bo‘lgan. O‘tgan asrning yigirmanchi-o‘ttizinchi yillarida fan va ta’lim, adabiyot va san’atning eng iqtidorli namoyandalari shu qutlug‘ dargohda saboq  olishgan. Botir Valixo‘jaev, Nuriddin Shukurov, Muslihiddin Muhiddinov kabi ustoz-olimlar, Nusrat Rahmat, Xosiyat Bobomurodova, Farmon Toshev singari adiblarning betakror ijodi tufayli Samarqand adabiy muhiti bugungi kunda mamlakatimizdagi eng yetakchi adabiyot maktablaridan biri bo‘lib qolmoqda. Kechagi va bugungi adabiyotimizning qiyofasini yaratib berayotgan Omon Matjon, Nodir Jonuzoq, Orif To‘xtash, Vohid Luqmon singari ko‘plab shoir va yozuvchilar Samarqand adabiy muhitidan katta adabiyotga uchirma bo‘lishgan.     

 

Suhbatdosh Iroda BEKMURODOVA,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.