Samarqand davlat universiteti psixologiya va ijtimoiy munosabatlar fakulteti talabasi Aziza Qurbonova yuridik psixologiya yo‘nalishida ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Shu kungacha respublika va xalqaro ilmiy nashrlarda 5 dan ortiq maqolalari bilan qatnashgan. Ilmiy rahbari umumiy psixologiya kafedrasi o‘qituvchisi Voris Ahrorov. Aziza 2021-yil dekabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligining huquqiy kafolati” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy anjumanida  “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining insonparvarlik va psixologik mohiyati” nomli maqolasi bilan ishtirok etib, konstitutsiyani o‘qitishning pedagogik va psixologik xususiyatlari sho‘basida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan hamda Toshkent shahar hokimi tomonidan diplom bilan taqdirlangan. Azizaning asosiy tadqiqot yo‘nalishi yuridik psixologiya bo‘lib, sodir bo‘lgan jinoyatning tomonlari bo‘lgan jabrlanuvchi, ayblanuvchi kabilarning ruhiyatini o‘rganish masalalariga yo‘naltirilgan.

    – Huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatida psixologik bilimlar doimo zarur bo‘lgan, - deydi Aziza Qurbonova, - Chunki sodir bo‘lgan jinoyatda jabrlanuvchi va ayblanuvchi munosabatlari jarayoni bevosita inson va uning ruhiyati bilan bog‘liq. Shunday ekan, inson shaxsini o‘rganish masalasi falsafa, psixologiya, pedagogika kabi fanlar bilan bir qatorda yuridik faoliyatda ham muhim hisoblanadi. Yuridik faoliyatda shaxs to‘g‘risidagi asosiy psixologik qarashlarni o‘rganish va tahlil qilish birmuncha murakkab. Bu borada turli psixologik usullar orqali shaxsni o‘rganish, uning ichki dunyosini aniqlash yaxshi samara beradi. Tadqiqotimda jabrlanuvchi psixologiyasini o‘rganish chog‘ida jinoyatdan jabr ko‘rgan jabrlanuvchilarni bevosita kuzatib, turli psixologik usullarni qo‘llagan holda ularning psixologiyasini o‘rganishga harakat qildim.

    Jabrlanuvchining psixologiyasini tekshirish bevosita jinoyat va zo‘ravonlik zarbasiga uchragan ruhiyat bilan ishlash demakdir. Zo‘ravonlik va manipulyatsiya qurbonlarida passivlik, pessimizm, salbiy fikrlash, kuchli aybdorlik hissi, o‘ziga nisbatan ishonchsizlik, kelajakka umidsizlik tez-tez kuzatiladi.  Organ vakillariga sodir bo‘lgan jinoyat mohiyatini tekshirishda jabrlanuvchi bilan ishonchli munosabatlarni o‘rnatish muhim jarayon va bu uzoq vaqt talab qiladi. Shunday ekan bu masalaga psixologik usullar bilan yondashish samarali natija beradi.

    Ta’kidlash joizki, jabrlanuvchi ruhiyatida hayotda yuz bergan qiyinchiliklarga nisbatan qo‘rquv va bezish tuyg‘ulari shakllangan bo‘ladi. Boshqalarning ularga nisbatan hamdardlik bildirishlari ham jabrlanuvchi psixologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Buning natijasida ularda hayotda biror muvaffaqiyatga erishish va biror narsani o‘zgartira olishga nisbatan ishonchsizlik shakllanadi. Shunday ekan, jabrlanuvchining atrofidagi insonlar unga nisbatan hayotga bo‘lgan qiziqish va kuch manbai bo‘lib xizmat qilishi kerak.

 

Iroda Bekmurodova,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.