Bugun Samarqand davlat universiteti o‘zbek tili o‘qitish metodikasi kafedrasi dotsenti, el ardog‘idagi shoira Jumagul Suvonovaning tug‘ilgan kuni

Ayni damda 61 yoshni qarshi olayotgan shoira 1961-yil 5-may kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. 1989-1994-yillar mobaynida Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan.
Jumagul Suvonovaning shu kunga qadar “Tillaqosh”, “Yig‘layotgan ohu”, “Men sig‘magan dunyo”, “Olovli fasl”, “Odamqush qo‘shig‘i”, “Tuproq isi”, “Jonimdagi iz”, “Muzaffar yog‘dular”, “Shamol yo‘li”, “Tarannum” nomli she’riy hamda “Umr karvoni”, “Qirmiz qizning qissasi”, “Darbadar” nomli hikoyalar to‘plamlari nashr etilgan. Bir qator she’rlari Hindiston, Amerika kabi davlatlarda chop etilgan antologiyalarda jahon she’riyati namunalari qatorida dunyo yuzini ko‘rgan. Xususan, 2016-yil Amerikada chop etilgan “The Uneasy nights” (Oromsiz oqshomlar) nomli she’rlar kitobi shular jumlasidan. Shuningdek, olima sifatida “Usmon Azim she’riyatida badiiy tafakkur” nomli monografiya hamda “Hozirgi adabiy jarayon va poetik uslub muammosi”, “Kechinmalar poetikasi va uslubiy mahorat qirralari” kabi kitoblar muallifi.
Ushbu sana munosabati bilan universitet jamoasi Jumagul Suvonovani samimiy muborakbod etib, uzoq umr, baxt-saodat hamda sihat-salomatlik, serqirra ijodiga barkamollik, yuksak parvoz va yangi muvaffaqiyatlar tilaydi.
Samarqand davlat universiteti
Faxriylar kengashi.