2-may sanasida Gretsiyaning Iraklion shahrida og‘ir atletika bo‘yicha Jahon chempionatiga start berilgan edi. Ushbu chempionatda Samarqand davlat universitetining uch nafar  talabasi Og‘abek To‘xtatev, Hojiakbar Olimov, Sharofiddin Amriddinovlar O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilishdi.

    7-may  kuni erkaklar o‘rtasida 89 kg. vazn toifasida Hojiakbar Olimov siltab ko‘tarish bahslarida 188 kilogramm natijani qayd etib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.

    Bugun bo‘lib o‘tgan erkaklar o‘rtasida 102 kg. vazn toifasida Sharofiddin Amriddinov barchaning ishonchini oqlab, bugungi musoboqaning rekord natijasini qayd etdi. U dast ko‘tarish mashqalarida oltin medalni qo‘lga kiritgan falastinlik Hamada Muhammaddan bilan bir xil natijaga erishdi. Lekin sport qoidasiga binoan birinchi bo‘lib falastinlik chempion shohsupada o‘zini sinab ko‘rganligi uchun oltin medal uning hisobiga yozildi. Siltab ko‘tarish mashqlarida esa 204 kg. toshni ko‘tarib oltin medalni qo‘lga kiritdi. Umumjamoa hisobida esa sportchimiz 372 kilogramm natijani qayd etib yana bir oltin medalni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. Shunday qilib, Sharofiddin Amriddinov bugungi musoboqa natijalariga ko‘ra ikki oltin va bitta kumush medalni qo‘lga kiritdi.

    Shuningdek, 73 kg. vazn toifasida Og‘abek To‘xtayev munosib ishtirok etib, xalqaro eksportlar tomonidan “Eng yaxshi sportchi” deya e’tirof etildi.

    Umumhisobga ko‘ra, Samarqand davlat universiteti talabalari 4 medal - 2 oltin, 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritib, yurtimiz sharafini munosib himoya qildi.
    Sportchilarimiz bilan telefon orqali muloqot qilar ekanmiz, qo‘lga kiritgan medallari nafaqat O‘zbekiston sharafi uchun, balki Vatanimizni himoya qilgan yurtdoshlarimizning xotirasiga bag‘ishlaganliklarini bir ovozdan e’tirof etdilar.

    Endilikda sportchilarimiz 15-may sanasida Antaliya shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom birdamlik o‘yinlari” da ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘rishadi.

    Biz Sharofiddin Amriddinov, Xojiakbar Olimov, Og‘abek To‘xtaevlar bilan g‘ururlanamiz! Siz bizning faxr-iftixorimizsiz!

Behruz Shamsiddinov,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.