Vaqt hamma narsani davolaydi, deydilar. Bir odam olamdan o‘tar ekan, ortida qolgan yaqinlarining qalbidagi ayriliq dardi ham yillar o‘tib, yengillashadi. Ba’zilar esa bir necha yillardan so‘ng butunlay unut bo‘lib ketadi. Ammo shunday insonlar borki, ularning vafotidan keyingi sog‘inch vaqt o‘tishi bilan unutilmaydi, balki kun sayin kuchayib, borgan sari chuqurlashib boradi. Oramizda u insonning yo‘qligi har dam bilinib, sezilib turadi. Ana shunday ustozlardan biri tilshunoslik sohasining yetuk bilimdoni, filologiya fanlari doktori, professor Bekmurod Yo‘ldoshevdir.

    Odatda, ta’lim va tarbiya haqida so‘z ketsa, bevosita uning sifati va samarasi haqida bahs boshlanadi. Bu tabiiy hol. Chunki ta’limning mohiyati barkamol avlodni, ertangi kunning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yoshlarni vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz manfaati yo‘lida kengqamrovli bilim va intellektual salohiyatga ega bo‘lishini ta’minlashdir. Tarbiyalangan inson tarbiyalaydi, ta’lim olgangina ta’lim bera oladi. Bu ham ayni haqiqat. O‘quvchi, talabalar bilimga qiziqmaydi, ular yalqov bo‘lib ketgan, aksariyati fanlarni o‘zlashtira olmaydi, loqayd degan savollar bilan o‘zimizni aldaymiz, xolos. Gap ilm oluvchi talabadami, yo bilim beruvchi muallimdami.

    Haqiqiy muallim faniga, Vataniga, shogirdlariga mehr oqibatli bo‘ladi. Shular haqida o‘ylasak, yarim asr muddat mobaynida o‘z umrini ona tili faniga bag‘ishlagan ustoz Bekmurod Yo‘ldoshev ko‘z oldimizga kelaveradi...

    To‘g‘ri so‘z, fidoyi, jonkuyar ustoz 70 yoshida foniy dunyoni tark etdi. Bu tilshunoslik sohasida chinakam yo‘qotish bo‘ldi. “Tilshunoslikni sohasining bir ustuni quladi” degan edi sovuq xabarni eshitgan bir domlamiz. U kishi haq edi. Alloh o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin ustozni. Ular bilan bog‘liq bir voqeani eslab o‘tmasam bo‘lmas. Hali maktab o‘quvchisi edim. Har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan ona tili va adabiyot fanidan olimpiadaning tuman g‘olibi sifatida viloyat bosqichida 9-10-11 sinflarda ketma-ket uch yil ishtirok etdim. 11-sinfda yana ishtirok etish uchun Samarqand shahriga keldik. Viloyat olimpiadasiga o‘tgan yillardagidek ona tili va adabiyot fanidan professor Bekmurod Yo‘ldoshev raislik qilardi. Ikki kun o‘tkazilgan olimpiada yakuniga yetgach, men faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Taqdirlash marosimida ustoz faxriy yorliq bera turib, “Qizim, bu yil o‘qish uchun albatta, Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetiga keling” dedilar. Men xursandligimdan “xo‘p” dedim. Ustoz esa “Xo‘p emas, menga va’da bering” dedilar. Men ustozga va’da berdim. Garchand orzum poytaxt Toshkentda o‘qish bo‘lsa-da, ustozga bergan va’damni buzolmadim. Hujjatimni Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetiga topshirdim va shukurki, talabalik baxtiga muyassar bo‘ldim. Qani endi, o‘sha kungi quvonchlarimni ta’riflay olsam. Darslar boshlanib, tezroq ustozni ko‘rsam der edim. Va nihoyat, ustoz darsga kirdilar. Menga tezroq ko‘zlari tushishini xohlardim, so‘zimning ustidan chiqqanimni ko‘rsatgim kelardi. Ammo ustoz gapni uzoqdan boshladilar, ya’ni bizni talabalik baxtiga muyassar bo‘lganimizni tabriklashni eshitish hammamiz uchun cheksiz baxt edi. Har bir so‘zlarini jon qulog‘im bilan tinglar ekanman, shuncha talabalar orasida meni ko‘rishlari amri mahol ekan deb o‘yladim. Lekin to‘satdan, “Bilasizlarmi, sizlarning orangizda olimpiada g‘oliblari, “mashhur” (ustozim shu so‘zni ko‘p ishlatar edilar) o‘quvchilar bor” dedilar. Hamma bir-biriga qarab gap kim haqida ketayotganini bilishni istardi. Ustoz mening ism va sharifimni bexato aytib yonlariga chorladilar (Ustozda har bir talabaning ism-sharifi esda turardi, bu kamdan kam uchraydigan noyob xotira). Ustoz men haqimda shunday iliq so‘zlar aytdilarki, beixtiyor ularga mehrim tushdi. O‘sha kundan e’tiboran ustozimning etaklaridan mahkam tutishga qaror qildim.

    Ustozning har bir darslari o‘zgacha o‘tar, biri-biriga o‘xshamas, eng asosiysi, dars vaqtida pashsha uchsa eshitiladigan darajada jimjitlik hukm surardi. Bu darajada dars mobaynida talabalarning qimir ettirmasdan diqqatini ushlab turishiga sabab nima deb o‘ylaysiz? Albatta, katta bilim zahirasi, aktyorlik mahorati, muhimi, ona tilimiz, uning o‘tmishi, buguni va ertasi haqidagi haqiqatlarni eshitish har bir talaba va magistrantning e’tiborini torta olardi. Pedagoglik mas’uliyati va matonati ham, aslida, shunda. Xuddi shunday fidoyi o‘qituvchilar ko‘p bo‘lganda edi, fan-ta’lim yanada rivoj topgan bo‘lardi. Professor Bekmurod Yo‘ldoshevning har bir o‘tgan mazmunli darsi talaba, magistrant va professor-o‘qituvchilarning yodida bir umrga muhrlanib qolgani aniq. Hanuzgacha ustozdan ta’lim olgan shogirdlari u kishidan olgan taassurotlarini, bilimlarini haligacha bir-biriga aytib yurishadi.

    Ustozimning oilasi ham namunali, mahallada e’tiborli xonadonlardan ekanini aytishim joiz. Har gal olimni yo‘qlab borar ekanman, hovlining ajib chiroyi, undagi ozodalik, anvoyi gullar hidi va ustozimning mamnun tabassum ila qarshi olishlari kishiga huzur bag‘ishlaydi. U kishi oilada mehribon ota, nabilarining sevimli bobojoni ekaniga ko‘p bora guvoh bo‘lganman. Hatto mening farzandlarimni ham erkalab, tizzalariga o‘tqazib suyishlari hech qachon esimdan chiqmaydi. Ustoz, oxiratingiz obod bo‘lsin, sizdagi mehribonlik, oliyjanoblik mening farzandlarimga ham ko‘chsin, ilohim.

    Ustozimni nogoh yo‘qotgan kunni eslagim kelmaydi. Eslar ekanman, ayajonimizning so‘zlari esimga tushadi, - “Umidajon, ustozimning ruhlari shod bo‘lsin desangiz, maslahatim ularning ishini davom ettiring”. Men ma’qul ishorasini qilib, bosh irg‘ab tasdiqladim. Darhaqiqat, ustozning barcha harakatlari, niyat va amallari ona tilimizning ravnaqiga, o‘zbek tilshunosligiga hissa qo‘shish edi. Bir kun, bir soatlari ham bu ezgu ishga hissalarini qo‘shmay o‘tmas edi. O‘qituvchining auditoriya diqqatini tortmasdan aytgan so‘zi ko‘zni yumib turib ko‘kka o‘q uzayotgan ovchining holatini eslatadi. Ovchining maqsadi o‘qdonni bo‘shatish emas, balki o‘ljani mo‘ljalga, nishonga olishdir. Buning uchun aytilgan so‘z nishonga otilgan o‘qdek bo‘lishi zarur. Bu esa so‘zlarning ma’nolarini bilish asnosida to‘g‘ri qo‘llashni taqozo qiladi. Umrining oxirlarida ustoz biz shogirdlarni tinimsiz izlanishga majburlar, xuddi qayergadir shoshayotgandek edilar nazarimda. Sirtdan qaraganda, qattiqqo‘l bo‘lib ko‘rinsalar ham, ular haqiqat va adolatni barcha narsadan ustun qo‘yardilar. Betga aytishning zahri yo‘q qabilida ish tutib kishi yuziga dangal aytishni xush ko‘rardilar. Kimgadir yaxshi, yo yomon ko‘rinish uchun emas, balki fanga o‘ta fidoyi bo‘lganlaridan shunday qilardilar.

    Shu o‘rinda universitetda “Kompyuter lingvistikasi” fanidan saboq berib yurgan paytlari yodga keladi. Ustoz qalbi qaynoq shogirdlarining hech biriga befarq bo‘lmagan edilar. “Qalb harorati bilan sug‘orilmagan ehtirossiz nutq hech nima, notiq esa hech kimdir” - degan buyuk Rim notig‘i Mark Tulliy Siseronnning fikri ustoz faoliyatiga asos bo‘la oladi. Mavzuni ochish, talaba ongiga singdirish bilan bog‘liq jarayonda ularning oldiga tushadiganlar kam topiladi. Dilida olovi, qo‘lida qalovi bor bo‘lgan yalovbardor muallim edilar, rahmatlik.

    O‘zbekiston qahramoni Abdulla Oripov o‘z to‘rtliklaridan birida shunday yozgandi.

    Shoirdan so‘rashdi siz baxtli inson,

    Xalqingiz ardoqlar hamma taniydi.

    Shoir javob berdi, menda bir armon –

    Muallim deyishsa meni qaniydi.

    Bekmurod Yo‘ldoshev muallimlik kasbini jonu dilidan sevardi, muallim ekanidan g‘ururlanardi, har bir darsida o‘zi kashf etgan jarayonlardan zavqlanib bizga ilm berayotganliklari shundoq ko‘rinib turardi. Talabalik paytlarimizni eslayman. Ustoz dars o’tishni boshlaganida hammaning diqqat e’tibori darsda edi. Ularning har bir darsi adabiy ssenariyga o‘xshardi. Ayniqsa, 2004-2005 yillarda tilshunoslikka yangidan kirib kelgan “Kompyuter lingvistikasi” fanidagi asosli tahlillarga bag‘ishlangan darslarda biz ustoz ijrosida go‘yo bir aktyor teatrini tomosha qilgandek bo‘lardik. “Yolg‘on-chin” aksiomasini shunday misollar yordamida izohlar edilarki, ovozlarini har xil usulda jilolantira olishiga, ovoz tembrlariga mahliyo bo‘lardik. Mavzuni ongu shuurimizga joylashning o‘ziga xos usullarini obdon egallagan edi. Kommunikativ kompetensiyani obdon o‘zlashtirgan va uni amalda to‘la qo‘llay oladigan ustoz sifatida e’tiborga molik edilar.

    Shunday o‘qituvchilar borki, ular dars o‘tganlarida bir soat xuddi bir kundek cho‘zilib ketayotgandek taassurot uyg‘otsa, shunday o‘qituvchilar borki, ularning ma’ruzasini qancha tinglasang ham yoxud vaqtni qanday o‘tganini ham bilmay qolasan. Bekmurod Yo‘ldoshev pedagog emas, balki darsda muolajaga kirishayotgan tabib edi go‘yo. O‘z fanini sevgan, kasbiga mehr qo‘ygan fidoyi o‘qituvchilarga xos bu fazilat.

    Pedagogning bilim va ko‘nikmasi, malaka va kompetensiyasi kelajak avlod ­– yoshlarimizning ongi va tafakkuriga, mamlakatimizning istiqboliga daxldorligini ustoz unutmadilar. O‘z ustida ishlash, so‘z ustida ishlashdan boshlanishini, bu esa notiqlik san’ati, voizlik madaniyati, bir so‘z bilan aytganda, o‘qituvchi mahoratini belgilaydigan mezon. Darhaqiqat, professor Bekmurod Yo‘ldoshev ana shunday barcha havas qilgan, ilmparvar ustoz va qomusiy olim sifatida xotiramizga abadiy muhrlanib qoladi.

    Alloh taolo barcha o‘tgan ulug‘ ustozlarimizni rahmatiga olib, oxiratlarini obod aylasin!

Umida RASHIDOVA,

Samarqand davlat universiteti

maktabgacha  ta’lim kafedrasi mudiri, dotsent.