Inson qadri uchun

    Yurtimizda nishonlanadigan har qanday bayram borki, ushbu tantalarni biz yoshi ulug‘ faxriylarimiz nuroniylarimiz bilan birgalikda, ularning roziligi, duosini olgan holda totuvlikda, to‘kin-sokinchilikda o‘tkazamiz.

    Samarqand davlat universitetida har bir bayram arafasida faxriy professor-o‘qituvchilarning holidan xabar olish, ular bilan davra suhbatlari o‘tkazish odat tusiga aylangan.

    9-may Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Samarqand davlat universitetining faxriy professor-o‘qituvchilari bir joyga jamlandi. Nafaqaga chiqqan olimlar o‘z tengdoshlarini ko‘rib quvongan, shogirdlarini uchratib ularning yangi muvaffaqiyatlaridan shod bo‘lgan ajoyib manzara...

    Ushbu tantanani o‘tkazishni universitet boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘z zimmasiga olgan.

    Mazkur quvonchli kun munosabati bilan bayram dasturxoni yozildi. Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov har bir faxriyni alohida e’tibor va ehtirom bilan tabrikladi.

    - Universitetimizga hayotini bag‘ishlab, uzoq yillar davomida samarali mehnat qilgan faxriylarimizni uylariga ham borib ko‘rishni rejalashtirganmiz, - deydi Samarqand davlat universiteti boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Shavkat Mahmatmurodov. - Bularning barchasini zamirida Inson qadrini ulug‘lash bor. Yurtimizning har bir yoshi ulug‘ insonlari qadrlanishga, e’zozlanishga haqli.

    Faxriylarimizga sihat-salomatlik va uzoq umr tilab, ularga pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.

Shavkat Akramov olgan suratlar.